Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Alloh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Arabcha xattotlikda „Alloh“ kalimasi

Alloh (arab. الله ; Allah – ilohiy kuch, turkiy xalqlarda, xususan, turkiy elatlarda – Tangri, fors-toj. Xudo, Yazid) – islom dinida butun mavjudotni yaratgan oliy ilohiy kuch; xudoning ismi. Odatda Allohga Taolo (ulugʻ, oliy), Taboraka va taolo, Jalla jalalahu, azza va jalla, karim, buzrug, Parvardigori olam kabi sifatlar qoʻshib aytiladi. Islom diniga binoan, Alloh – yakkayu-yagona xudo, olamning yaratuvchisi va qiyomat kunining egasi. U Muhammad paygʻambar (s.a.v – salallahu alayhi vasallam)ni insoniyatga oʻzining eng soʻnggi elchisi sifatida yuborgan.

Islomning eng asosiy talabi hisoblangan kalimai shahodat „La iloha illaloh“ („Allohdan boshqa iloh yoʻq“), deb uqtiradi. Islomga koʻra, Qur’on Muhammad (sallallohu alayhi va sallam)ga vahiy orqali yuborilgan Allohning soʻzidir. Qur’oni karimda Allohning yagonaligi va buyukligi juda koʻp bor taʼkidlanadi. 112-sura – Ixlosda:

"...U — Alloh Birdir (ya’ni, Uning hech qanday sherigi yo’qdir. U yakka-yu yolgʻizdir). Alloh (barcha hojatlar bilan) koʻzlanguvchidir (ya’ni, barcha hojatlar Undan soʻraladi, ammo U hech kimga muhtoj emasdir). U tugʻmagan va tugʻilmagandir (ya’ni, Allohning oʻgʻil-qizi ham, otasi-onasi ham yo’qdir. U azaliy va abadiy zotdir). Va hech kim U zotga teng emasdir"

deyilgan. Shuningdek, Qur’onda doimo Allohning mukammalligi, qodirligi va ulugʻligi haqida gapiriladi:

  • Alloh „aliym“, yaʼni biluvchidir, u boʻlib oʻtgan ishlarni, endi boʻladigan ishlarni, xoh katta, xoh kichik, barchasini biladi;
  • Alloh "murid", yaʼni xohlaguvchidir – dunyodagi ishlarning har biri Alloh taoloning irodasi va xohishi ila boʻladi, u xohlagan ish boʻlmay qolmas va xohlamagan ish aslo boʻlmas;
  • Alloh "qadir", yaʼni har ishga qudrati yetuvchidir;
  • Alloh "basir", yaʼni koʻruvchi yer va osmondagi, qorongʻu va yorugʻdagi, katta va kichik narsalarning barchasini koʻradi;
  • Alloh "sami’", yaʼni eshituvchi – baland boʻlsin, sekin boʻlsin har qanday ovozlarni eshitadi;
  • Alloh "mutakallim", yaʼni soʻzlaguvchi – Qur’oni karimdagi barcha oyatlar, shuningdek, Tavrot, Injil, Zabur kitoblari Alloh taoloning soʻzidir;
  • Alloh "mukavvin", yaʼni boʻldirguvchi – dunyodagi barcha narsalar uning boʻldirmogʻi ila boʻlgan;
  • Alloh "rabbun", yaʼni tarbiya qiluvchi – barcha jonli va jonsiz narsalarni tarbiya qiladi;
  • Alloh taolo "odil", yaʼni toʻgʻrilik qiluvchi – har bir hukmni va har bir ishni toʻgʻrilik ila qiladi, hech kimga jabr va zulm qilmaydi.

Islom ulamolari:

U (Alloh) mehribon va kechirimli. Bandasi unga dengizlarning koʻpigichalik gunoh bilan kelsa, Robbiga yuzlansa Alloh hohlasa Oʻz fazliga olib hamma gunohini kechirib, oʻrnini savob bilan toʻldirib qoʻyadi. U mingta ota-onadan ham mehribondir. Alloh Odamlar butunlay unga itoat etishlari (islomga kirishlari), undan qoʻrqib vijdonli boʻlishlari, barcha narsada Allohga va uning irodasiga ishonishlari lozim

deya taʼkidlaydilar.

Musulmon ahli eʼtiqodida: Alloh oʻzi xohlagan paytda yerdagi barcha narsani barbod etadi, oʻliklarni tiriltiradi va ularni oʻz huzuriga hukm qilish uchun yigʻadi: u yerda har kishining qilgan amaliga koʻra yo jahannam (doʻzax) azobiga duchor qiladi yoki jannat bilan mukofotlaydi. Alloh haqidagi taʼlimot islom dini va ilohiyot fanining asosi boʻlib qolgan. Alloh tabiatining turli qirralari hadis, tafsir va ilohiyotga oid maxsus asarlarda tilga olinib, tushuntiriladi. Shunga koʻra, U inson sifatlaridan tubdan farq qiladi. Islom taʼlimotiga koʻra, Alloh taoloning zoti va sifatlari toʻgʻrisida chuqur bahs yuritish shar’an man etiladi. Alloh biror narsaga oʻxshatilmaydi va biror narsa ham Allohga oʻxshatilmaydi. Allohning ism va sifatlari Qur’oni karimda tilga olingan 99 ismlarida yaqqol koʻrinadi (qarang: Allohning ismlari).