Sport
Sport (ing. sport — oʻyin) — jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi, jismoniy tarbiya vositasi va usuli, jismoniy mashqlarni turli majmualari boʻyicha musobaqalar tashkil etish, tayyorlash va oʻtkazish tizimi. Sportning maqsadi kishilarning sogʻligʻini mustahkamlash va umumiy jismoniy rivojlantirish bilan birga sport musobaqalarida yuqori natija va gʻalabalarga erishishdir. Dastlabki sport musobaqalari Yunonistonda boʻlib oʻtgan. Xalqaro olimpiada qoʻmitasi tashkil qilinganidan keyin sport juda tez rivojlana boshladi. 1896-yilda 1-zamonaviy Olimpiada oʻyinlari oʻtkazildi.
Sportning asosiy 3 ta oʻzaro bogʻliq tashkiliy shakllari mavjud: ommaviy havaskorlik ; oʻquv fani sifatidagi Sport; yuqori natijalar Sporti. Ommaviy havaskorlik Sporti — insonning jismoniy takomillashuvi sharti; u kishilarning yoshi, salomatligining holati, jismoniy rivojlanish darajasiga koʻra chegaralanadi. Oʻquv fani sifatidagi sport — barcha turdagi taʼlim muassasalari va qurolli kuchlarda harbiy-jismoniy tayyorgarlik dasturlariga kiradi. Yuqori natijalar sporti eng yaxshi sport koʻrsatkichlari (rekordlar)ga erishish uchun sharoit yaratadi, insonning jismoniy tayyorgarligini namoyish etadi, jismoniy tayyorgarliklarning samarali vosita va usullarini ommaviy amaliyotga tatbiq etishga yordam beradi.
Taraqqiyot jarayonida sport jismoniy tarbiya doirasidan chiqib, mustaqil umummadaniy, siyosiy, estetik, iqtisodiy ahamiyat kasb etdi. Sport doʻstona xalqaro aloqalarni kengaytirishga, xalqlarning oʻzaro birbirini tushunishi va doʻstligi rivojlanishiga xizmat qilmoqda. XIX asr oʻrtalaridan bir necha Gʻarb mamlakatlarida professional sport rivojlana boshladi. U tomoshabopligi, biznesga aylanib, katta daromad manbai boʻlib borayotganligi bilan ajralib turadi.
Sport turlarining 2 asosiy guruhi mavjud: milliy sport turlari va xalqaro sport turlari. Milliy sport turlari har bir xalqning oʻziga xos turmush tarzi, mehnat faoliyati va dam olish sharoiti asosida rivojlangan. Xalqaro sport turlari muayyan sharoitlarda musobaqalar oʻtkazishning umumlashtirilgan tizimlaridan iborat boʻlib, bunda musobaqa ishtirokchilarining oʻzaro munosabatlarini, natijalarni hisobga olish va baholashni xalqaro miqyosda bir xil tartibga keltirish, yagona qoidalardan foydalanishga asoslangan maxsus cheklashlar nazarda tutiladi. Sport bilan shugʻullanishda jismoniy tarbiya va sportni boshqarish davlat organlari, xalqaro sport tashkilotlari tomonidan man etilgan vositalarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi. Yuqori sport koʻrsatkichlariga erishish maqsadida stimulyatorlardan, doping moddalaridan, Xalqaro olimpiada qoʻmitasi man etgan boshqa vositalardan foydalangan sportchi musobaqalardan chetlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida sport umumdavlat ishi hisoblanib, jismoniy madaniyat bilan birga aholini barcha qatlamlarini va yosh guruhlarini qamrab olgan. Mamlakatda 50 dan ziyod sport turi ommalashgan, ulardan 30 turi Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Oʻzbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida“ (2002-yil 31 oktabr), „Oʻquvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish toʻgʻrisida“ (2003-yil 3-iyun), „Ommaviy sport targʻibotini yanada kuchaytirish choratadbirlari toʻgʻrisida“ (2003-yil 4 noyabr) qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi da sportni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Bu qarorlar asosida yangi bolalar sport inshootlarini barpo etish dasturi, sport anjomlari va jihozlari, kiyimkechaklar va charm poyabzal mahsulotlarini respublikada ishlab chiqarish., maktablarda, ayniqsa, qishloq maktablarida jismoniy tarbiya darslari samaradorligini oshirish, aholi oʻrtasida sport madaniyatini yuksaltirish, ommaviy sport targʻibotini rivojlantirish tadbirlari ishlab chiqilib, ularni hayotga tatbiq etishga kirishildi. Jumladan, Oʻzbekiston televideniyesining 4kanali sport kanaliga aylantirildi. Jismoniy tarbiya va sport sohasini kadrlar bilan taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarida bolalar sport i uchun pedagog murabbiylar tayyorlash, sport jurnalistikasi va psixologiyasi mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim tizimini takomillashtirish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Sportchilarni ijtimoiy qimoyalash masalalari qonun bilan mustahkamlanadi. Chunonchi, „Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni (2000-yil 26-may)da davlat boshkaruv organlari, jismoniy tarbiya va sport jamoat birlashmalari, sport klublari va markazlari, boshqa ixtisoslashtirilgan sport tashkilotlari va muassasalari sportchilarga zarur ijtimoiymaishiy sharoitlarni yaratishlari hamda ularning sihatsalomatligi muxrfaza qilinishini taʼminlashlari shart qilib qoʻyildi. Sportchilarning ayrim toifalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozli pensiya olish huquqidan foydalanadilar. Sport musobaqalarida qatnashuvchi shaxslar sugʻurta polislariga ega boʻlishlari shart. Sport sohasida juda katta yutukdarga erishgan fukarolar, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda alohida xizmat koʻrsatgan sport ustozlari, sportchilarni taqdirlash maqsadida „Oʻzbekiston iftixori“, „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi“, „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi“ faxriy unvonlari taʼsis etiddi. Mamlakatda sport matbuoti shakllandi: „Sport“ gaz., „Oʻzbekiston futboli“, „Tennis +“, „Books plus futbol“ (Toshkent), „Futbol ekspress“ (Andijon), „Asr futboli“ (Namangan), „Inter futbol“ (Kosonsoy) kabi lar nashr etilmoqda.
Manbalar
tahrirVikipediyada «Sport» loyihasi bor |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |