Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Karachi, Karochi (balujlarning kulachi qabilasi nomidan) — Pokistondagi shahar. Mamlakatning janubiy qismida, Hind daryosi deltasida, daryoning Arabiston dengiziga quyilish joyidan 100 km yuqorida. Sind viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 9,3 million kishi (1998).

Karachi XVIII asr boshida baliq ovlovchilar qishlogʻi oʻrnida vujudga kelgan. 1843-yilda inglizlar bosib oldi va XIX asrning 2-yarmida Buyuk Britaniyaning harbiy-dengiz bazasiga aylandi. 1947-1959-yillarda Pokiston poytaxti.

Karachi — mamlakatning eng katta shahri, iqtisodiy va savdo markazi. Transport yoʻllarining xalqaro tuguni, dengiz porti (yillik yuk ortib-tushirish 15 mln. tonna). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakat tashqi savdosining aksari qismi (taxminan 70%) Karachi orqali oʻtadi. Karachi va uning atrofida erkin savdoning mamlakatda birinchi eksport ishlab chiqarish zonasi tashkil etilgan. Karachi va uning atrofidagi sanoat korxonalari Pokistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotining yarmini, jumladan, toʻqimachilik (asosan, ip-gazlama) sanoati mahsulotining 1/3 qismiga yaqinini beradi. Oziq-ovqat (tamaki, baliqni qayta ishlash va boshqalar), koʻn-poyabzal, sellyuloza-qogʻoz, sement, oyna, kimyo va farmatsevtika, metallsozlik va mashinasozlik (avtomobilsozlik, kemasozlik, ehtiyot qismlardan mototsikl va motorollerlar yigʻish va boshqalar), rezina-texnika, neftni qayta ishlash korxonalari bor. Karachi yaqinida mamlakatdagi birinchi AES joylashgan.

Karachida banklar, sugʻurta va savdo kompaniyalarining boshqarmalari, bir necha oliy oʻquv yurti, jumladan, universitet (1951), politexnika instituti, ilmiy tadqiqot institutlari, kollejlar, Milliy muzey, Pokiston davlati asoschisi Muhamad Ali Jinna maqbarasi, zamonaviy meʼmoriy binolardan Oliy sud binosi (XX asr boshi), "Interkontinental" mehmonxonasi, Davlat banki binosi va boshqalar bor.


Metropolitan hududi shahar atrofi bilan birga 3530 kvadrat kilometrdan ortiq boʻlgan dunyoning eng koʻp aholisi boʻlgan ikkinchi shahrini tashkil etadi. Shahar aholisi oʻsishi turli xil muhojirlar va qochqinlar kelishi hisobiga bogʻliq, deb hisoblanadi. Ular asosan bu yerga doimiy istiqomat qilish uchun kelgan.

Karachi oʻzining tabiati va aholisining miqdori koʻpligi tufayli mahalliy aholi orasida "Chiroqlar shahri" deb nomlanadi.[1]

Tarixi

tahrir

Karachi hududi qadimgi yunonlar tomonidan juda koʻp nomlar atalgan:

  • Krokola - Aleksandr Makedonskiy Hind vodiysidagi yurishidan keyin Bobilga flot tayyorlash uchun qarorgoh qurgan joy;
  • "Morontobara" (Karachi bandargohi yaqinidagi Manora oroli boʻlishi mumkin), u yerdan Aleksandrning admirali Nearx suzib ketdi;
  • Baqtriya podsholigining porti Barbarikon. U arablarga Debal nomi bilan maʼlum boʻlgan, u yerdan Muhammad bin Qosim oʻzining 712-yilda Janubiy Osiyoga bostirib kirgan qoʻshinini boshqargan.
  • Karachi "Kolachi" nomi bilan Balujiston va Makrandan kelgan sindhi va baluj qabilalari tomonidan tashkil etilgan bo'lib, ular bu hududda kichik baliq ovlash jamiyatini tashkil etgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Karachi the Gatway to Pakistan“. 2016-yil 23-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 12-iyun.
  2. „Karachi the Gatway to Pakistan“. 2016-yil 23-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 12-iyun.