Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Sement (lotincha: caementum — shagʻal, chaqiq tosh) — sunʼiy noorganik kukunsimon bogʻlovchi mineral. Suv qoʻshilsa, xamirsimon massa hosil boʻladi, vaqt oʻtishi bilan qotib, toshsimon jismga aylanadi. Sement havoda ham, suvda ham qotish xususiyatiga ega. Sement qurilishda juda keng qoʻllanadigan betonning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Sementning romansement, portlandsement, glinozyomsement, kengayuvchan, gidravlik qoʻshimchali kabi turlari mavjud. Romansement ohaktoshni 900° gacha kuydirish yoʻli bilan olinadi, keyin maydalab kukun holiga keltiriladi. Xom ashyoning xiliga qarab, romansementning qotish muddati 15 minutdan 24 soatgacha boʻlishi mumkin. Uning mustahkamligi ancha past boʻlib, 25 dan 100 gacha markali boʻladi. Shuning uchun ham uning oʻrnini 20-asr oʻrtalaridan boshlab portlandsement egallay boshladi. Glinozyomsement glinozyom (alyuminiy oksidi)ga boy boʻlgan togʻ jinslari — boksit (alyuminiy rudasi), ohak yoki ohaktosh aralashmasini kuydirish yoʻli bilan olinadi. Kimyoviy tarkibi 40% SaO; 40% A12O3; 6— 8% SiO2 dan iborat. Tez qotishi, mustahkamligining yuqoriligi va minerallashgan suvlarga turgʻunligi bilan ajralib turadi. Markasi 300; 400; 500. Narxi portlandsementga nisbatan 2,5—3 baravar baland. Glinozyomsement katta mustahkamlik talab etiladigan beton va temir-beton konstruksiyalarda, dengiz va minerallashgan suvlar taʼsirida boʻladigan inshootlarda, tezkor yoʻl va qurilish ishlarida, qish sharoitida betonlashda qoʻllanadi. Kengayuvchan Sementning tarkibida glinozyom sementdan tashqari ohak va gips ham boʻladi; tez qotadi; oʻta mustahkam va suv oʻtkazmas material hisoblanadi. Kengayuvchan Sement gidroizolyatsiya ishlarida, choklarni yopish va taʼmirlash ishlarida qoʻllanadi. Gidravlik qoʻshimchali portlandsement (baʼzan "putssolan portlandsement" deb ham yuritiladi) Sement klinkeri (toshqoli) va nordon gidravlik qoʻshimchalar (trepel, diatomit, trass, pemza va boshqalar)ni birgalikda maydalash (kukunlash) yoʻli bilan tayyorlanadi. Gidravlik qoʻshimchalar aralashma miqdorining 20—40% ini tashkil etishi mumkin. Bu Sement portlandsementga nisbatan arzonroq boʻlib, gidrotexnika, vodoprovod va kanalizatsiya inshootlarida qoʻllanadi. Agressiv suvlar taʼsiriga chidamli. Sement sanoatda 19-asrdan boshlab ishlab chiqariladi.

Yana qarang

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Texnologiya vyajushix veshestv, M., 1965; Qosimov E.Q., Qurilish ashyolari, T., 2003. Botir Hobilov.