Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Jurnal

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jurnallar

Jurnal (fransuzcha: journal — „kundalik daftar“) — bosma davriy nashr. Axborotni tanlash, tahlil etish va baholashning asosiy vositalaridan biri. Jurnal gazeta kabi jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazish yoʻli bilan uni shakllantirishga xizmat qiladi; omma ijtimoiy ongiga muayyan gʻoya va qadriyatlarni singdiradi. Jurnallar dastlab Fransiyada nashr qilingan. Inglizcha „Magazine“, fransuzcha „Revue“, nemischa „Zei schrift“, ispancha „Relista“ soʻzlari ham jurnal maʼnosini anglatadi. Chop etilish muddati (davriyligi) jihatdan jurnallar, odatda, haftada, oʻn kunda, ikki haftada, oyda, ikki oyda, har uch oyda, yarim yilda bir marta nashr qilinadi. Bunday davriylik jurnallarda turmush voqealarini kundalik gazetaga nisbatan batafsilroq va chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi. Jurnallar mundarija yoʻnalishiga koʻra farqlanadi: ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy, ishlab chiqarish-texnikaviy, ilmiy, ilmiy-ommabop va boshqalar. Jurnallar jamiyatdagi turli yoshdagi kishilarga moʻljallanadi.

Ommaviy ijtimoiy-siyosiy va adabiy-badiiy jurnallarda suhbat, publitsistik kuzatuv, maʼlum mavzuni sharhlovchi maqolalardan tashqari, reportajlar, sheʼrlar, hikoyalar, qissa va romanlar bosiladi. Soʻnggi paytlarda ommaviy jurnal sahifalaridan krossvordlar, amaliy sanʼat asarlari, modalar, uy bekalariga maslahatlar, shaxmat etyudlari va hokazolar tobora kengroq oʻrin olmoqda. Haftalik, oʻn kunlik jurnallarda chizma rasm va fotosuratlardan foydalaniladi. Ilmiy jurnallarda hajman katta maqolalar bilan birga referatlar, annotatsiyalar, xulosalar, ilmiy hayotga oid ixcham xabarlar ham eʼlon qilinadi. Jurnal hajmini va uni bezash unsurlarini belgilashda jurnal mundarijasi va uning oʻquvchilari doirasidan kelib chiqiladi. Odatda ommaviy jurnallar — ijtimoiy-siyosiy va adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop, bolalar, ayollar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan nashrlar katta hajmda chiqariladi.

Jurnalchilik taraqqiyoti. Jurnalchilik tarixi Fransiyada „Jurnal de Savan“ („Olimlar jurnali“), („Journal des scavans“, keyinroq „Journal des savants“) jurnaldan boshlanadi. Uning birinchi soni 1665-yilning 5-yanvarida bosmadan chiqqan. Unda adabiyot, falsafa, tabiiy fanlar sohasi boʻyicha Yevropaning turli mamlakatlarida nashr qilingan kitoblar haqida maʼlumotlar bosilgan. Shuningdek, shu yili, Londonda „Filosofishal tranzekshne of Royyal sosayenti“ („Qirollik jamiyatidagi falsafiy oʻzgarishlar“) jurnal nashr qilingan. Turli kitoblar sharhidan iborat boʻlgan bunday jurnallar keyinroq Italiya, Germaniya, Ispaniya, AQSH, Vengriya, Rossiya singari mamlakatlarda ham paydo boʻlgan, faqat mavzular doirasi tor bo’lganligi uchun bu jurnallar omma orasida keng tarqalmagan.

Jurnalchilik XIX asrning 2-yarmida jadal rivojlandi. Bu davrda jurnal targʻibotining usul va vositalarida ham katta oʻzgarishlar yuz berdi. Jurnallar adadi uzluksiz oʻsib bordi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida jurnallarning asosiy turlari shakllandi, rasmli-bezakli ommabop nashrlar yetakchi oʻrin egallay boshladi. 1960-yil oxirida AQSH da 9400, Angliyada 4600, Fransiyada 14600 (bu mamlakatda siyosiy gazetalardan tashqari, davriy nashrlarning hammasi jurnallar roʻyxatiga kiritiladi), GFRda 2200, Yaponiyada 5800 ga yaqin jurnal nashr qilingan. Ayrim mamlakatlarda (AQSH, Fransiya, Angliya) jurnallar kundalik gazetalarga nisbatan tez tarqaladi. Rasmli-bezakli ommabop jurnallar miqdori va adadi boʻyicha AQSH dunyoda oldingi oʻrinda turadi (1960-yil oxirida „The Reader’s Digest“ 17,5 mln.; „Pazad“ 8 mln.; „Life“ 7,3 mln. nusxada chop qilingan).

Oʻzbekistonda jurnalchilik. Turkistonda davriy matbuotga XIX asrning soʻnggi oʻn yilligida asos solingan: 1896-yil Toshkentda „Среднеазиатский вестник“ („Oʻrta Osiyo darakchisi“) jurnalning birinchi soni bosmadan chiqadi. Keyinchalik „Туркестанский скорпион“ („Turkiston chayoni“, 1907), „Средняя Азия“ („Oʻrta Osiyo“, 1912), „Степные миражи“, („Sahrodagi sarob“, 1914) jurnallari nashr qilinadi. Bu jurnallarda asosan adabiy janrlarda yozilgan asarlar chop etilgan. „Средняя Азия“ jurnalda Turkistondagi mahalliy aholining madaniy hayotiga oid materiallar ham oʻrin olgan.

Turkistonda milliy jurnalchilik tarixiga atoqli maʼrifatparvar adib va publitsist Mahmudxo’ja Behbudiy asos solgan. Uning muharrirligida 1913—1915-yillarda Samarqand shahrida „Oyna“ jurnali nashr qilingan. Mazkur jurnal turkistonliklarni zamonaviy ilmu urfondan, maʼrifatdan bahramand etish, oʻlkadagi milliy taʼlim tizimini isloh qilish kabi davr uchun dolzarb masalalardan bahs yuritgan. Oʻzbek tilidagi ikkinchi jurnal „Al-Isloh“ nomi bilan Toshkentda nashr qilingan.

1917-1918-yillarda Turkistonda ijtimoiy-siyosiy va adabiy yoʻnalishdagi bir qancha yangi oʻzbekcha jurnallar paydo boʻldi. Qoʻqonda 1-soni Hamza Hakimzoda Niyoziy muharrirligida „Kengash“ (keyinchalik „Hurriyat“ nomi bilan chiqqan), taniqli olim va publitsist Ashurali Zohiriy rahbarligida „Yurt“ jurnallari nashr qilingan. Toshkentda „Chayon“ (1917), „Ishchilar dunyosi“ (1918) kabi yangi jurnallar chiqa boshlagan. „Yurt“ va „Chayon“ jurnallari Turkiston muxtoriyati gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlagan va targʻib qilgan. „Ishchilar dunyosi“ bolsheviklarning xususiy mulkni tugatish sohasidagi siyosatini tanqid qilgani uchun shoʻro hukumati tomonidan yopib qoʻyilgan. 1918-1924-yillar Turkistonda jami 129 nomda jurnal va bulletenlar nashr qilingan. Ularning asosiy qismi rus tilidagi tarmoq nashrlaridan iborat boʻlib, ayrim jurnallar bor-yoʻgʻi 1—2 soni chiqqan, xolos. Shu davrda oʻzbek tilida nashr qilingan „Oʻzgarishchi yoshlar“ (1922-24), „Inqilob“ (1922-24) va „Mushtum“ (1923) jurnallari nisbatan keng tarqalgan. Bu nashrlarda Nazir Toʻraqulov, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Usmonxon Eshonxoʻjayev, Gʻozi Yunus singari isteʼdodli oʻzbek adiblari va publitsistlari faol hamkorlik qilganlar.

20-yillarning 2-yarmida Oʻzbekistonda oʻzbek tilida „Yer yuzi“ (hozirgi „Guliston“), „Yangi yoʻl“ (hozirgi „Saodat“), „Maorif va oʻqituvchi“, „Yangi qishloq“, „Alanga“ kabi ijtimoiy-siyosiy va adabiy yoʻnalishdagi yangi jurnallar tashkil topdi. „Yer yuzi“ oʻzbek tilidagi birinchi rasmli-bezakli ommabop nashr hisoblanadi. 1930-yil boshida u 10000 nusxada chiqqan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida jurnallar tarmogʻi keskin qisqardi. Urush tugagach, koʻpchilik jurnallar qaytadan chiqa boshladi, yangi jurnallar paydo boʻldi. 1975-yilda Oʻzbekistonda jami 134 nomda jurnal chop qilingan. Jurnallar faoliyati ham gazetalar kabi oʻsha davr tuzumi koʻzlagan siyosiy va mafkuraviy maqsadlarga boʻysundirilgan.

Oʻzbekistonda davlat mustaqilligi eʼlon qilingach, keng ommaga moʻljallangan mavjud jurnallar faoliyati qayta tashkil qilindi. Respublikada jami 165 jurnal nashr etiladi, ularning yillik oʻrtacha adadi 704,7 ming nusxa (2002). Yangi ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishda, milliy ongni oʻstirishda ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy va adabiy-badiiy jurnallar yetakchilik qilmoqda. Bu turkumga mansub „Sharq yulduzi“, „Guliston“, „Saodat“, „Muloqot“, „Fan va turmush“, „Yoshlik“, „Mushtum“ jurnallari qatoriga istiqlol davri jurnallari — „Tafakkur“, „Sogʻlom avlod uchun“, „Jahon adabiyoti“ qoʻshildi.

Bulardan tashqari, yangi ijtimoiy, iqtisodiy, moliyaviy munosabatlarni ask ettiruvchi maxsus jurnallar — „Bozor, pul, kredit“, „Menejer“, „Оптовик“, „Jamiyat va boshqaruv“, „Buxgalter kutubxonasi“, „Tijorat“, „Экономическое обозрение“ (rus va ingliz tillarida) ham tashkil topdi. Avtomobilchilar uchun moʻljallangan „Avto-olam“, „Avto PressTIJ“ singari yangi nashrlar paydo boʻldi, „Наш футбол“ (oylik nashr) va „Приложение к журналу Наш футбол“, „PressTIJ“ va „Biznes Osiyo“ haftalik jurnallari chiqmoqda. Bulardan reklama materiallari keng oʻrin olgan. „PressTIJ“ tahririyati tomonidan tayyorlanayotgan „Press TIJ-TV“ xaftaligi 53 ming nusxada (1999) tarqaladi. 1998-yildan respublikada „Saida“ nomli rasmli-bezakli ayollar jurnali oʻzbek va rus tillarida nashr qilinadi.

Oʻzbekistonda ilmiy jurnallarning keng tarmogʻi mavjud. Oʻzbekiston FA ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan 12 ta ilmiy akademik jurnal nashr qilinadi (2002). Ularda mamlakat olimlarining nazariy va amaliy tadqiqotlari, tajribalari yakunlari yoritiladi. „OʻzR Fanlar akademiyasi maʼruzalari“ jurnali ilmiy akademik nashrlarning yetakchisi hisoblanadi. Jurnal sahifalarida fanning barcha sohalariga oid tadqiqotlar natijasining qisqa mazmuni eʼlon qilinadi. „Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar“, „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurnallari ijtimoiy fan sohalari, „Informatika va energetika muammolari“, „Mexanika muammolari“, „Узбекский химический журнал“, „Узбекский биологический журнал“ nashrlari aniq va tabiiy fanlar tarmogʻidagi ilmiy yutuqlarni aks ettiradi. „Tabiiy birikmalar kimyosi“ va „Geliotexnika“ jurnallari 1965-yildan nashr etilmoqda. Ushbu jurnallar AQShda ingliz tiliga tarjima qilib chiqariladi. Oʻzbekiston ilmiy jurnallarining koʻpchiligi AQSH, Angliya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning ilmiy markazlarida ham tarqaladi.

Umumiy jurnal (Wayback Machine saytida 2021-01-15 sanasida arxivlangan)