Yem-xashak ekinlari
Yem-xashak ekinlari — chorva mollari va parrandalarga yem-xashak (koʻkat, pichan, yem, silos) tayyorlash maqsadida ekiladigan oʻsimliklar. Yem-xashak ekinlariga bir yillik va koʻp yillik oʻtlar, xashaki ildizmevali, kartoshkali oʻsimliklar, xashaki poliz ekinlari, shirin kartoshka (batat), silos bostirish va yem uchun ekiladigan donli ekinlar kiradi. Hozir jadallashgan dexdonchilik tizimi sharoitida yem-xashak ekinlari yetishtirish mustaqil tarmoq boʻlib ajratiladi va yem-xashakchilik deb ataladi.
Yem-xashak ekinlarilarining eng katta guruhini koʻp yillik oʻtlar: dukkaklilar — sebarga, beda, shabdar, bersim, esparset, qashqarbeda, oq nilufar va gʻal-ladoshlar (ajriqbosh, betaga, suvbugʻdoyiq, oqsoʻxta, erkakoʻt) tashkil qiladi. Koʻp yillik oʻtlar sof holda va aralash (mas, sebarga bilan ajriqbosh, beda bilan erkakoʻt) ekiladi. Ular yaylov ozigʻi sifatida hamda koʻk massasi pichan, senaj, silos, oʻt uni, donador oziq va briketlar tayyorlash uchun ishlatiladi. Bu Yem-xashak ekinlari oqsilga (ayniqsa, dukkaklilar), vitaminlarga va mineral tuzlarga boy boʻladi. Bundan tashqari, koʻp yillik oʻtlar yerni azotga boyitadi, chunki ular ildizidagi tuganak bakteriyalar havodagi azotni oʻzlashtirish xususiyatiga ega. Koʻp yillik oʻtlarning aksariyati namsevar oʻsimliklardir. Nam yetishmasa, ularning hosili kamayib ketadi yoki butunlay nobud boʻladi (qurib qoladi), shuning uchun qurgʻoqchil rayonlarda koʻp yillik oʻtlar (eng avvalo beda) asosan sugʻoriladigan yerlarga ekiladi.
Yashil konveyr hosil qilish uchun bir yillik oʻtlar ekiladi. Ulardan ham pichan va boshqa ozuqalar tayyorlanadi. Bir yillik dukkaklilardan shabdar, bersim, bahorgi va kuzgi yovvoyi noʻxat, noʻxat ekiladi. Oqsilga boy bu oʻsimliklar, odatda, bir yillik gʻalla ekinlari — suli, arpaga qoʻshib ekiladi. Oʻzbekistonning qurgʻoqchilik rayonlarida qurgʻoqchilikka chidamli bir yillik oʻtlar — sudanoʻt, oqjoʻxori, oqjoʻxori-sudanoʻt duragaylari, mogar, qoʻnoq, shuningdek, cheklangan miqdorda vika, burchoq ekiladi. Koʻp rayonlarda koʻkat ozuqa uchun bir yillik oʻt sifatida kuzgi javdar, tariq, soya, oʻris noʻxat, shuningdek, yangi ekin — tritikale ekiladi. Yaqin vaqtdan boshlab koʻk massa olish maqsadida pane (bahorgi va kuzgi), perko ekiladigan boʻldi.
Sershira oziq uchun xashaki ildizmevalar: nimshirin va xashaki lavlagi, sabzi, turneps ekiladi (qarang Ildizmevalilar). Chorva mollariga qand lavlagi ham beriladi, shuningdek, ularning bargi — palagidan, asosan silos tayyorlanadi. Oʻsimliklarning bu guruhiga kiradigan asosiy ekin — xashaki lavlagi. Uning ildizmevasi yirik boʻlib, yaxshi saqlanadi. Hosildorligi 1000 s/ga gacha yetadi. Turneps ertapishar ildizmeva, lekin lavlagiga qaraganda kam toʻyimli boʻladi va yaxshi saqlanmaydi.
Silos tayyorlanadigan ekinlar (makkajoʻxori, kungaboqar, xashaki karam va boshqalar) va yem uchun ekiladigan donli ekinlar (suli, arpa, makkajoʻxori va boshqalar) ham xashaki ekinlarga kiradi.[1]