Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Taxallus (arabcha: تخلّص — o‘zini-o‘zi qutqarish, ozod qilish; xalos boʻlish) — biror ijodkor (shoir, yozuvchi, rassom, olim va shu kabi) yoki siyosiy arbobning oʻzi uchun tanlab olgan boshqa, ikkinchi nomi[1].

Har bir muallif taxallusini muayyan maqsadlarni koʻzda tutgan holda qoʻllaydi. Masalan, omma oʻrtasida oʻz ijodini taʼkidlab koʻrsatish, oʻz ism-familiyasidan qoniqmaslik, muayyan xavf-xatar, taxdiddan qochish, yashirinish va boshqalar.

Sharq sanʼati va adabiyoti namoyandalari, katta olimlari oʻzlariga turli narsalarga, sifat va xususiyatlarga ishora tarzida (Ulugʻbek — Muhammad Taragʻay, Navoiy, Lutfiy, Bobur, Mujrim Obid, Munis, Zavqiy), mashgʻuloti, kasbiga nisbatan (Gulxaniy, Charxiy), tugʻilgan yoki yashagan joyiga nisbatan (Buxoriy, Qoshgʻariy, Margʻinoniy, Nasafiy, Taroziy, Xorazmiy, Xoʻjandiy, Chustiy, Shoshiy, Yugnakiy, Yassaviy), yashash tarzi yoki qismatiga ishora sifatida (Gadoiy, Gʻaribiy, Uzlat, Muqimiy, Furqat) va boshqa omillarga karab taxallus olganlar yoki tanlaganlar.

Sharqda ham, gʻarbda ham koʻpchilik ijodkorlar faqat taxallusi bilan mashhur boʻlishgan. Masalan, Beruniy — Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad, Navoiy — Gʻiyosiddin oʻgʻli Alisher, Muqimiy — Muhammad Aminxoʻja oʻgʻli, Oybek — Muso Toshmuhammad oʻgʻli, Yashin — Komil Nuʼmonov, Chustiy — Nabixon Xoʻjayev; Stendal — Anri Mari Beyl, Jorj Sand — Avrora Dyupen va boshqa baʼzi shoirlar birdan ortiq taxallus bilan (Navoiy — Foniy; Mujrim — Obid; Nodir — Uzlat — Mahjur; Nodira — Maknuna — Komila kabi), baʼzan bir necha shoir bir taxallus bilan ("Navoiy" taxallusli 10 ga yaqin shoir boʻlgan) ijod qilganlar.

Sharq mumtoz adabiyotining deyarli barcha namoyandalari, koʻpchilik olimlar va baʼzi siyosiy arboblar maʼlum taxallusga ega boʻlishgan. Taxallus qoʻllashning adabiyotshunoslikda ahamiyati katta: bayoz, devon, majmua kabi qoʻlyozma manbalar matnlarida qoʻllangan taxallus tufayli tegishli asarlarning mualliflari aniqlangan.

Navoiy taxallusning shu maʼnodagi ahamiyatini "Lison ut-tayr" asarida quyidagicha izohlaydi:

Sahna debosiyu nazm inshosidur,

Kim taxallus nozimi tam’osidur.

Bu kim oni birla topti imtiyoz

Ne varaqkim, nazm qildi avin roz.

Kim bu Saʼdiy yo Nizomiyning durur,

Yo bu Xusravning, bu Jomiyning durur.

Hozirgi kunda taxallusning shoir yoki yozuvchi oʻz ismi va familiyasini qoʻshimchasiz qoʻllagan koʻrinishi uchraydi: Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Izzat Sulton, Jamol Kamol, Usmon Azim va boshqa.

Manbalar

tahrir
  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4.