Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Siyosiy tizim - jamiyatda siyosiy hokimiyatni amalga oshiruvchi ijtimoiy muassasalar majmui. Siyosiy tizim ayni vaqtda, turli siyosiy gʻoyalar, qarashlar, tasavvurlarni, siyosiy hayotni tartibga soluvchi va belgilovchi siyosiy normalar, axloqiy tamoyillar, anʼanalarni ham oʻzida ifoda etadi (qarang Jamiyatning siyosiy tizimi).[1]

SIYOSIY TIZIM (yunoncha: systema - boʻlakdan iborat tarkib, tuzilma, politike - siyosat) - siyosatni shakllantirish va amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlar, harakatlar, tashkilotlar, me‘yorlar, qadriyatning umumlashgan ifodasidir. Siyosiy tizim sub'ektlarini hokimiyat, davlat, siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy harakatlar, shaxs, siyosiy lider kabilar tashkil etadi. Siyosiy ong, siyosiy madaniyat, siyosiy faoliyat kabi tushunchalar esa siyosiy tizim in‘ikosi hisoblanadi. Siyosiy tizimni institutsional, normativ, funksional va kommunikativ kabi elementlar tashkil etadi. XX-asrning 50-60-yillarida siyosiy tizimning klassik modellari amerikalik olim D.Iston, G.Almond va K.Doychlar tomonidan ishlab chiqildi. D.Iston nazariyasi asosida - talab manbalarning taqsimlanishiga doir hokimiyatga qaratilgan norozilik yoki rozilik impulslaridir. Madad esa hokimiyatning faoliyatini qoʻllab - quvvatlovchi impulslar, ularning koʻpayishi siyosiy tizim kuchayishini, kamayish esa aksincha, zaiflashishini anglatadi. Madadning shakllari xilma-xil: ular soliqlarni vaqtida toʻlash, harbiy burchni ado etish, qonunlarni hurmat qilish kabilardan iborat. Talab va madad impulslarining haddan tashqari, ortib yoki kamayib ketishi tizim faoliyatini yomonlashtiradi. Apatiya siyosiy loqaydlik; siyosiy voqea - hodisalarga nisbatan befarqlikni anglatadi. U siyosiy jarayonlarga ta‘sir koʻrsatish imkoni va qobiliyati yoʻqolganida tugʻiladi. Siyosiy qarorlar kirishdagi talab, madad va partiyaga siyosiy tizim javobi tarzida vujudga keladi. U qonunlar, imkoniyatlar va maqsadlar haqidagi bayonnomalar shaklida boʻladi. Qarorlar bajarilishiga oid hokimiyatning xatti-harakatlari ham belgilab beriladi. Siyosiy tizim nazariyalari mualliflaridan biri Gabriel Almondga koʻra siyosiy tizimlar quyidagi vazifalarni bajaradi: siyosiy ijtimoiylashuv, manfaatlar artikulyatsiyasi, manfaatlarni umumlashtirish va e‘tirozlarni, talablarni kelishtirish orqali ularni bir siyosiy platforma, siyosiy bayonot koʻrinishiga keltirish, siyosiy muloqot, fuqarolar va siyosiy tizim institutlari, tashkilotlari faoliyatini tartibgasoluvchi normalarni ishlab chiqish. Siyosiy tizim 3 tip: demokratik, avtoritar va totalitar siyosiy rejimlardan iborat.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil