Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Shukur Xolmirzayev (1940-yil 24-martda, Boysun tumani) – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1991). Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). „Yosh gvardiya“ nashriyotida muharrir (1963-1967), Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida adabiy emakdosh (1967-1969), „Guliston“ (1969-1975) va „Sharq yulduzi“ (1978-1980) jurnallarida adabiy xodim, boʻlim mudiri.

Shukur Xolmirzayevning dastlabki hikoya va ocherklari 1958 yildan nashr etila boshlagan. Shukur Xolmirzayev ijodining ilk davridayoq hikoya bilan bir qatorda qissa janrida ham qalam tebratib, „Oq otli“ (1962), „Toʻlqinlar“ (1963), „O‘n sakkizga kirmagan kim bor?“ (1965) qissalarini yaratdi. Bu asarlar 60-yillardagi oʻzbek qissalarining eng yaxshi namunalaridan boʻlib qoldi. Yozuvchining shu davrda yozgan hikoyalari keyinchalik „Olis yulduzlar ostida“ (1971), „Hayot abadiy“ (1974), „Ogʻir tosh koʻchsa…“ (1980), „Yoʻllar, yoʻldoshlar“ (1984), „Bodom qishda gulladi“ (1986), „Togʻlarga qor tushdi“ (1987) singari toʻplamlaridan oʻrin oldi. Sh. Xolmirzayevning hikoya va qissalarida, bir tomondan, yoshlik va talabalik yillarining oʻziga xos romantikasi ifodalangan boʻlsa, ikkinchi tomondan, yozuvchi tugʻilib oʻsgan Boysun tumanida yashovchi turfa tabiatli kishilar hayoti, jamiyatda va ular ruhiy olamida kechgan kurash va oʻzgarishlar oʻzining badiiy talqinini topdi. Keyinchalik Boysun va boysunliklar hayoti Shukur Xolmirzayev ijodining asosiy mavzusi darajasiga koʻtarilib, yozuvchi ijodida realistik tasvirning ustuvor yoʻnalishga aylanishida muhim omil boʻldi. Shukur Xolmirzayev voqelikdagi murakkab hayotiy jarayonlar va kishilarning ziddiyatlardan iborat ruhiy olamini kashf eta borgani sayin uning dastlabki hikoya va qissalaridagi romantik pafos endi oʻz oʻrnini realizmga boʻshatib berdi va yozuvchining oʻzbek adabiyotiga „shafqatsiz realizm“ unsurlarini olib kirishiga imkoniyat yaratdi. XX asrning 80—90-yillarda yaratgan asarlarida mazkur davrdagi jamiyat va xalq hayotining chuqur badiiy tahlilini berdi.

Shukur Xolmirzayev „Soʻnggi bekat“ (1976), „Qil koʻprik“ (1984), „Yoʻlovchi“ (1987), „Olaboʻji“ (1992), „Dinozavr“ (1996) singari romanlarini yozdi. Shukur Xolmirzayevning „Soʻnggi bekat“, „Yoʻlovchi“ va „Olaboʻji“ romanlarida shoʻro jamiyatining 70—80-yillarga kelib ichdan yemirila boshlagani yorqin badiiy obrazlar orqali aks ettirildi. Bu romanlarda koʻtarilgan ijtimoiy masala yozuvchining „Dinozavr“ romanida oʻzining yangicha badiiy talqinini topdi. Shoʻro davlatining xalqparvar davlat ekaniga, u olib borgan ichki va tashqi siyosat xalq va mamlakat manfaatiga xizmat qiluvchi siyosat ekaniga astoydil ishongan kishining hayoti va ruhiy olamidagi ziddiyatlar kurashi tasviri mazkur romanning markazida turadi.

Shukur Xolmirzayev yozuvchilar orasida birinchilardan boʻlib oʻzbek xalqi tarixining „bosmachilik harakati“ deb atab kelingan davrini oʻrgana boshladi. Yozuvchining „Qil koʻprik“ romani va „Qora kamar“ (1987) pyesasida shu mavzu oʻz ifodasini topdi. Ularda adashgan kishilar fojiasi obrazlarda yorqin gavdalantirilgan. X. pyesasi asosida Abror Hidoyatov nomidagi Yoshlar teatrida sahnalashtirilgan „Qora kamar“ spektakli yosh avlodda tarixiy oʻtmishga yangicha yondashish maylining paydo boʻlishida muhim rol oʻynadi. Sh. Xolmirzayevning oʻzbek xotin-qizlarining shoʻro davridagi fojiali taqdiriga bagʻishlangan „Ziyofat“ pyesasi ham Yoshlar teatrida sahnalashtirilgan (1990).

Sh. Xolmirzayev soʻnggi yillarda Sh. Burxonov, B.Zokirov, R.Choriyev, Shuhrat, O.Yoqubov, Oʻ.Umarbekov, A.Oripov, M.Qoʻshjonov singari taniqli adabiyot va sanʼat namoyandalari haqida esselar va adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi.

Sh. Xolmirzayev – roman janrida bir qator asarlar yozgani va bu asarlar shu davr oʻzbek romannavisligi tarixida muayyan oʻringa ega boʻlishiga qaramay, avvalo hikoyanavis. U oʻz hikoyalarida A.Qodiriy, A.Qahhor kabi oʻzbek yozuvchilarining eng yaxshi anʼanalarini davom ettirish bilan birga oʻzbek hikoyanavisligini rus va Yevropa yozuvchilarining badiiy tajribalari bilan ham boyitdi. Sh. Xolmirzayevning eng yaxshi hikoyalari qahramon obrazining yangi va yorqinligi, kompozitsiyasining oʻziga xosligi, qahramonlar tilining rangbarangligi bilan ajralib turadi.

Sh. Xolmirzayev asarlari

tahrir

„Oq otli“ nomli birinchi qissasi 1962 yilda bosilgan. Ikkinchi asari – „Toʻlqinlar“ (1963) Abdulla Qahhor tahsiniga sazovor boʻldi.

Shuningdek, „Oʻn sakkizga kirmagan kim bor“ (1964), „Taqdir bashorati“ (1968), „Yoʻllar, yoʻldoshlar“ (1973), „Yur, togʻlarga ketamiz“ (1976), „Choʻloq turna“ (1978), „Tuproq koʻchalar“ (1978), „Qush tili“ (1982), „Qahramonning soʻnggi kunlari“ (1984), „Togʻlarga qor tushdi“ (1986), „Abdulla Nabi oʻgʻlining soʻnggi kunlari“ (1983), „Esiz, Eshniyoz!“ (1988), „Bulut toʻsgan oy“ (1997) qissalari, „Soʻnggi bekat“ (1976), „Qil koʻprik“ (1984), „Olaboʻji“(1991), „Dinozavr“ (1996) kabi romanlari, „Qora kamar“ (1989) nomli dramasi, „Yovvoyi gul“, „Bahor oʻtdi“, „Bitiktosh“, „Ozodlik“, „Oʻzbeklar“, „Hayot abadiy“, „Ogʻir tosh koʻchsa“, „Ustoz“, „Koʻk dengiz“, „Tabassum“, „Shudring tushgan bedazor“, „Boychechak ochildi“, „Otning egasi“, „Navroʻz, navroʻz“ singari oʻnlab hikoyalari va boshqa koʻplab asarlari nashr qilingan.

Sh. Xolmirzayev asarlarida oʻzbeklarga xos milliy xarakter, inson va tabiat munosabatlari teran badiiy talqin qilingan.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Sh. Xolmirzayev Bodom qishda gulladi. Toshkent. Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1986.
  • Sh. Xolmirzayev Togʻlarga qor tushdi. -T. 1987.
  • Sh. Xolmirzayev Oʻn sakkizga kirmagan kim bor. T. Yozuvchi. 1999.
  • Sh. Xalmirzayev Nad propastyu. Roman. (per. s uzb.) -T. Izd. Lit. I iskusstvo. 1989.

Unvon va mukofotlari

tahrir

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir

Shukur Xolmirzaev internetdagi elektron kutubxonalarda

tahrir