Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Ruhoniy — diniy lavozimda xizmat qiluvchi, dinni targʻib etuvchi kishi, din peshvosi. Ruhoniy buddizm, iudaizm, xristianlik, hinduiylik, islom va boshqa dinlarda mavjud. Ruhoniy monoteistik dinlar kelib chiqishi bilan paydo boʻlgan. Kohinlar Ruhoniylarning oʻtmishdoshi hisoblanadi. Ruhoniylarning oliy tabaqasiga xudoning yerdagi noibi (katolitsizmda — Rim papasi) yoki xudoning unda mujassam boʻlishi (lamaizmda — dalaylama, ismoiliylarda — firqa boshligʻi) deb eʼtiqod qilinadi.

Pravoslav cherkovida Ruhoniylar qora Ruhoniylar (monaxlik turmush tarzini qabul qilganlar) va oq Ruhoniylarga boʻlinadi. Rus pravoslav cherkovida Ruhoniylar moddiy jihatdan cherkov qavmlari tomonidan taʼminlanadi. Ular diniy seminariya va akademiyalarda tayyorlanadi.

Islom dini endigina yoyilayotgan davrda davlat va diniy jamoa birbiridan ajralmagani uchun maxsus Ruhoniy boʻlmagan. Maʼmuriy-siyosiy ishlar bilan shugʻullangan kishilar Ruhoniylar vazifasini ham bajargan. Maʼlum vaqt oʻtgandan soʻng Ruhoniylar qatlami vujudga kelgan va tabaqalanish boshlangan. Sunnishikda oliy ruhoniy muftiy hisoblanadi, shialikda oyatulloh, hujjat alislom, shayx ulislom va hokazo Shariat ishlarini boshqaruvchi faqih, qozi, aʼlam va boshqa, dare beruvchi mudarrislar ham Ruhoniylar tabaqasiga kiradi. Oʻzbekistonda islom dini uchun ruhoniy kadrlar Toshkent islom instituti, Mir Arab madrasasi va boshqa turli diniy bilim yurtlarida tayyorlanadi. Ruhoniy jamiyatning maʼnaviy hayotiga muayyan taʼsir koʻrsatadi.

Keyingi paytlarda "Ruhoniy" atamasi islomdan boshqa din arboblariga qoʻllaniladigan boʻldi. Islomda bu soʻz oʻrnini ulamo soʻzi egallagan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil