Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Rishton tumani

Fargʻona viloyatidagi tuman

Rishton tumani — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1959-yil 7-martda Soʻx tumani bilan birlashtirilgan. 1990-yil 27-fevralda Soʻx tumani ajralib chiqqan. Shim.dan Bagʻdod, jan.sharqdan Oltiariq, gʻarbdan Oʻzbekiston va Uchkoʻprik tumanlari, janubdan Qirgʻiziston bilan chegaradosh. Maydoni 0,42,1 ming km². Aholisi 2023-yil maʼlumotlariga koʻra 212,2 ming kishi[4]. Tumanda 1 ta shahar (Rishton) va bir nechta qishloq fuqarolari yigʻini (Chuburgʻon, Uyrat, Pandigon, Tegirmonboshi, Navbahor, Beshkapa, Buzrukxoʻja Usmonxoʻjayev, Boʻston, Yoyilma, Zoxidon, Mehnatobod, Oqoltin, Oqyer, Rishton, Toʻda, Dutir, Qayragʻoch) bor. Markazi — Rishton shahri[5].

Rishton tumani
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Rishton
Yirik shahari Rishton[1]
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Bahodir Xoliqov[2]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 212 283 kishi (2023) [3]
Millatlar tarkibi oʻzbeklar, tojiklar, qirgʻizlar, sartlar.
Dinlar tarkibi musulmonlar
Pochta indeksi 151301
Rasmiy sayti www.rishton.uz
Xaritada
Rishton tumani xaritada
40°21′0.0″N 71°16′59.9″E / 40.350000°N 71.283306°E / 40.350000; 71.283306

Geografiyasi

tahrir

Rishton viloyatining maydoni 420 km². Fargʻona vodiysining janubida, Oloy tizmalarining etaklarida, Soʻx daryosining oʻng qirgʻogʻida, dengiz sathidan 482 metr balandlikda joylashgan. Janubda Qirgʻizistonning Botken viloyati, gʻarbda Uchkoʻprik tumani, janubda Bagʻdod tumani, sharqda Oltiariq tumani bilan chegaradosh.Fargʻona shahrigacha boʻlgan masofa 50 km, Toshkent shahrigacha esa 270 km. Eng yaqin temir yoʻl stansiyasi Furqat tumanidan 12 km shimolda joylashgan.

Aholisi

tahrir

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qirgʻiz, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillaridan iborat. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 357 kishi. Aholisi 212 283 kishi, shu jumladan, shahar aholisi — 135 600 kishi (63.8%), qishloq aholisi — 76 683 kishi (36.1%)[4].

13-asrdagi moʻgʻullar istilosi Oʻrta Osiyo etnik xaritasiga katta oʻzgarishlar kiritdi. Koʻp sonli koʻchmanchi moʻgʻullarning koʻchirilishi juda muhim omil boʻldi. 1882-yilda hududda 17 970 kishi yashagan. Aholisi qirgʻizlar, sartlar, tojiklar, oʻzbeklar va boshqalardan iborat. Ushbu maʼlumotlarga koʻra, ruslar soni 10 kishidan oshmagan. 1909-yilda Rishton Baxkirlar uchastkasi tarkibiga kirdi. Hududda 21 811 kishi yashagan. Hudud deportatsiya qilingan Qrim-tatarlarni joylashtirish markazlaridan biri. Rusiyzabon aholining asosiy qismi SSSR parchalanishi tufayli 1990-yillarning boshlarida koʻchib kelgan.

Tabiati

tahrir

Tuman hududi Markaziy Fargʻona choʻlining janubidada, Soʻx daryosi va Katta Fargʻona kanali boʻyida joylashgan. Hududi, asosan, tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan neft, gaz, soz tuproq, shagʻal bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvar oyidagi oʻrtacha harorati — 6.7°, eng past harorat — 27°, iyulning oʻrtacha harorat — 23.6°, eng yuqori harorat 42°. Yiliga 180 mm yogʻin yogʻadi. Xoʻjaliklar va aholi yerlari Soʻx daryosi va Usmon Yusupov nomli Katta Fargʻona, Katta Andijon kanallaridan sugʻoriladi. Tuproqlari qoʻngʻir boʻz tuproq va oʻtloqi tuproqlardan iborat, ayrim joylarda shoʻrtuproq uchraydi. Oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, yantoq, miya, oqbosh, yulgʻun, qiyoq va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, quyon, yumronqoziq; parrandalardan kaklik, bedana, tustovuq, zogʻcha, qargʻa, toʻrgʻay, sassiqpopishak, qaldirgʻoch; sudraluvchilardan oʻq ilon, chipor ilon, kaltakesak; kemiruvchilardan kalamush va boshqalar uchraydi.

Iqtisodiyoti

tahrir

Tuman markazi va yaqin qishloqlarda kulolchilik rivojlangan. Qishloq xoʻjaligi bogʻdorchilik, tokchilikka ixtisoslashgan. Mashhur Rishton qandak oʻriklari, Choʻngʻara devzirasi yetishtiriladi.

2023-yil 1-dekabr holatiga Rishton tumanida ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlar soni 2314 tani tashkil etadi. Shundan:

  • Faoliyat yuritayotgan korxonalar – 1771 ta;
  • Yangi tashkil etilgan korxonalar - 311 ta.


Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha:

  • Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi – 67 ta;
  • Sanoat – 428 ta;
  • Qurilish – 101 ta;
  • Savdo – 462 ta;
  • Tashish va saqlash – 44 ta;
  • Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar – 151 ta;
  • Axborot va aloqa – 34 ta;
  • Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish – 41 ta;
  • Boshqa turdagi xizmatlar – 443 ta.


Tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakli boʻyicha:

  • Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar – 458 ta;
  • Xususiy korxonalar - 402 ta;
  • Oilaviy korxonalar – 564 ta;
  • Chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar – 10 ta.[6]

Sugʻoriladigan yerlar 20,658 ga, shu jumladan, paxta 9,500 ga, don 7,400 ga, sabzavot va poliz 170 ga, yem-xashak ekinlari 588 ga maydonga ekiladi. Mevazorlar 5 ming ga ni tashkil qiladi. Rishton tumanida 220 km uzunlikdagi ochiq drenajlar, 245 ta vertikal qudugʻi bor. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 127.5 ming qoramol, 23.7 ming qoʻy va echki, 48.4 ming parranda, 165 ot boqiladi. 418 ta asalari uyasi bor (2003). 2016-yildan tuyaqush parvarish qilish ham yoʻlga qoʻyilgan[7].

Rishton tumanida 2 ta musiqa maktabi, 62 ta umumiy taʼlim maktabi, 1 ta sport maktabi, 2 ta kasb-hunar maktabi, 1 ta "Abu Ali ibn Sino" nomidagi tibbiyot texnikumi va Qoʻqon davlat pedagogika instituti filiali mavjud. Markaziy kutubxona va uning filiallari, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi, 14 klub, muzey, markaziy stadion, 4 kasalxona, 2 ta poliklinika, 24 qishloq vrachlik punkti, 30 ta dorixona, sanatoriy va boshqa tibbiy muassasalarda 233 vrach, 1,843 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.

Tumanda 5 km temir yoʻl (Toshkent-Andijon), 74 km uzunlikda respublika, 109 km uzunlikda viloyat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari bor. Ichki avtomobil yoʻllari uzunligi 264 km.

Tarixiy meʼmoriy obidalardan „Sohibi-Hidoya“, „Yigitpirim“, „Hizrbuva“, „Xoʻja Ilgʻor“, „Xoʻja Rushnoiy“, „Toshkelinchak“ va boshqa saqlangan. 1966-yildan „Rishton haqiqati“ tuman gazeta chiqarildi (adadi 8608)[8].

Madaniyati

tahrir

Mirzaabdulla Boqiy Nasreddinov — shoir va adabiyotshunos, Alisher Navoiyning „Tuhfatul-afkor“ qasidasini fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 1941-yilda shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga bagʻishlangan yubiley tantanalarini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita aʼzosi boʻlgan.

Hamdam Zakirov — rusiyzabon shoir, Farg‘ona sheʼriyat maktabi vakili, 2001-yildan buyon Kuvola (Finlandiya) shahrida istiqomat qiladi.

Isajon Sulton (Sultonov Isajon Abduraimovich) — yozuvchi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.

Ergash Hamroyev — oʻzbek ssenariynavis, rejissyor, ssenarist. Uning oʻgʻli Ali Hamroyev ham otasining izidan borib, rejissyor va ssenarist boʻlgan

Manbalar

tahrir
  1. „СОАТО Система обозначений административно-территориальных образований“. 2012-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 1-oktyabr.
  2. [1]
  3. [2]
  4. 4,0 4,1 „O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huziridagi statistika agentligi, Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi.“ (2023-yil 17-fevral). Qaraldi: 2024-yil 10-yanvar.
  5. Rishton tumani hokimligining rasmiy veb sayti. „Rishton tumanining qisqacha tarixi“ (16-aprel 2022-yil). Qaraldi: 30-aprel 2024-yil.
  6. „O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huziridagi statistika agentligi, Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi.“ (2024-yil 9-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 10-yanvar.
  7. Kun.uz. „Farg‘onada tuyaqush parvarishlanmoqda“ (3-fevral 2017-yil). Qaraldi: 30-aprel 2024-yil.
  8. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil