Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Radioeshittirish, radioeshittiruv — ommaviy axborot vositalarining oʻziga xos elektron texnikaga asoslangan turi. Ovozni maxsus apparatlar yordamida koʻpaytiradi va keng hududlarga, uzoq masofalarga yetkazib beradi. Radioeshittirish matbuotning oʻziga xos, ogʻzaki, eshituvchiga yoʻnaltirilgan bir koʻrinishi sifatida matbuot qonuniyatlari asosida faoliyat kursatadi, uning funksiyalarini uziga xos ravishda ado etadi. Radioeshittirishning informatsion (xabar, suhbat, reportaj), tahliliy (radio chiqish, sharh, kuzatuv), badiiypublitsistik (lavha, ocherk, felyeton, esse) singari asosiy janrlari mavjud. Shuningdek, unda adabiy ijodga (radiohikoya, radiopyesa, radiospektakl), musiqa sanʼatiga (radiokonsert, radiokompozitsiya) oid eshittirishlar ham beriladi. Radioeshittirish ommaviy axborot vositasi sifatida ommaga informatsiya, turli maʼlumotlar yetkazib berish bilan birgalikda musiqa sanʼatini ommalashtirishda ham muhim rol oʻynaydi.

radioeshittirish minorasi (Norvegiya)

Radio dastlab aloqa vositasi sifatida ishlatilgan boʻlsa, keyinchalik undan ommaviy axborot vositasi sifatida ham foydalanilgan. Birinchi R.lar 1919-yilda Nijniy Novgorod radiolaboratoriyasidan, 1920-yil Moskva, Qozon va boshqa shaharlardagi tajriba radioeshittirish stansiyalaridan olib borilgan. 1924-yil 23 noyabrdan esa muntazam berila boshlagan.

Oʻzbekistonda dastlabki tajribaviy radioeshittirishlar 1926-yil Toshkentda oʻtkazilgan. 1927-yil 11 fevralda quvvati 2 kVt boʻlgan ommaviy radiostansiya ishga tushirilib, muntazam radioeshittirishlar boshlangan. 1934-yilda Oʻzbekiston radiolashtirish va radioeshittirish davlat qoʻmitasi tashkil etildi, 1996-yil 7 maydan esa bu qoʻmita Oʻzbekiston televideniye va radioeshittirish davlat kompaniyasiga aylantirildi.

Hozirgi paytga kelib radio misli koʻrilmagan darajada taraqqiy etdi va insoniyatning maʼnaviy hayotidan mustahkam oʻrin oldi. Dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlar oʻz radioeshittirishlariga ega. Jahonda AQShga qarashli "Amerika ovozi", "Ozodlik", Angliyaning "BiBiSi", Germaniyaning "Nemis toʻlqinlari" va boshqa oʻnlab radiostansiyalar ishlab turibdi. Oʻzbekistonda 5 ta radiostudiya faoliyat koʻrsatmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston televideniye va radiokompaniyasiga qarashli Toshkent radiosi yetakchi oʻrinni egallagan.

Respublika radiosining eshittirishlari 4 dastur boʻyicha olib boriladi. 1-dasturda asosan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy mavzulardagi eshittirishlar ("Oʻzbekiston"), 2-dasturda yoshlar uchun eshittirishlar ("Yoshlar"), 3-dasturda axborot va musiqiy eshittirishlar ("Mashʼal"), 4-dasturda esa rus, qozoq, uygʻur, tatar va qrim-tatar tillarida eshittirishlar olib boriladi ("Doʻstlik"). Yuqoridagilar bilan bir qatorda respublikamizda bir qancha xususiy, nodavlat radiostansiyalar ham faoliyat koʻrsatmoqda ("Vodiy sadosi", "OriyatDono", "O'zbegim taronasi" va boshqalar).

Oʻzbekiston radiosi chet ellar uchun ham muntazam eshittirishlar (ingliz, arab, fors, uygʻur, hindi va oʻrdu tillarida hamda chet ellardagi vatandoshlar uchun oʻzbek tilida) berib boradi. Toshkent radioeshittirishning "Axborot", "Ijtimoiy-siyosiy", "Iktisodiy eshittirishlar", "Adabiybadiiy eshittirishlar", "Musiqa eshittirishlari", "Mahalliy eshittirishlar", "Bolalar va oʻsmirlar uchun eshittirishlar" kabi bosh muharririyatlari mavjud. Unda "Yaxshi kayfiyat", "Vatan", "Hamroh", "Dugonalar", "Gulshan", "Tabassum", "Bugun radioteatrda", "Mutolaa" va boshqa doimiy mavzu eshittirishlari, radiojurnallar berib boriladi. Televideniye va radioeshittirish davlat kompaniyasi huzurida oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestri, makrmchilar ansambli, dutorchi qizlar ansambli, estradasimfonik orkestri, xor jamoasi kabi badiiy jamoalar ishlab turibdi.

Muxtor Xudoyqulov[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil