Oʻzbektelefilm
„Oʻzbektelefilm“ – televideniyeda koʻrsatishga moʻljallangan badiiy va hujjatli filmlar kinostudiyasi. 1970-yil Toshkentda tashkil etilgan. „Oʻ.“ ning tashkil boʻlishi va rivojlanishi Gʻ.Rasulov, F.Rashidov, U.Burhonov kabilar nomi bilan bogʻliq. Faoliyatining dastlabki yillari koʻpgina xronikal film, telekinojurnal, filmspektakl, filmkonsertlar ishlagan. „Oʻzbek madonnasi“, „Uchinchi haqiqat“, „Orol – taqdirim mening“, „Boysunda qorlar eriganda“, „Xivacha ajralish“, „Kosmogoniya“ kabi hujjatli, „Shashmaqom“, „Koʻgʻirchoqboz“, „Aziz“ singari qisqametrajli badiiy filmlar ishlandi. „Eshmat – saxiy farishta“, „Sevgilisini topish“, „Ana oʻsha Nasriddin“, „Olmani menga qarab ot“, „Boychechak“, „Lafz“, „Charxpalak“, „Ochiq dars“, „Mening shotlandiyalik doʻstim“, „Baxt gullari“, „Zumrad va Qimmatning yangi sarguzashtlari“ kabi turli mavzudagi filmlar chiqarildi. Oʻz faoliyati davomida koʻpgina hujjatli, xronikal, ilmiyommabop, publitsistik, badiiypublitsistik, musiqali, telejurnal, bolalar uchun telefilmlar ishladi.
Mustaqillikdan soʻng „Oʻ.“ filmlarining mavzu va gʻoyaviy yoʻnalishi oʻzgardi. Respublika hayotini tasvirlash yangicha tus olishi, buyuk tarixiy shaxslarimizga bagʻishlangan filmlarning koʻpayishi koʻzga tashlanadi („Buyuk Turon“, „Amir Temur“, „Mirzo Ulugʻbek“, „Pahlavon Mahmud“ va boshqalar). „Oʻ.“da „Buyuk ajdodlarimiz“ nomli turkum filmlar ishlash yoʻlga qoʻyildi. „Imom al-Buxoriy“, „Bahouddin, Naqshband“, „Jaloliddin Manguberdi“, „Burhoniddin Margʻinoniy“, „Alisher Navoiy“ va boshqalar shular jumlasidan. Shuningdek, „Biz bilgan va bilmagan tarix“ turkumi ostida „Milliy universitet“, „Musiqa saroyi“ kabi telefilmlar ishlandi. Studiya keyingi yillar koʻp qismli televizion badiiy filmlar ishlash boʻyicha oʻz tajribasini orttirib bormoqda: „Charxpalak“ (13 qism), „Lafz“ (6 qism), „Uvaysiy“ (6 qism), „Xurshida“ (4 qism), „Akbarning sarguzashtlari“ (6 qism), „Mehrobdan chayon“ (15 qism), „Qaytmas“ (6 qism) va boshqalar „Yorugʻlik“, „Toʻkinlik“ nomli televizion hujjatli filmlar dolzarb mavzu, mustaqillik neʼmatlarini koʻrsatishda eng yaxshi filmlardir. „Oʻ.“da yaratilayotgan musiqali filmlar mavzuga yangicha yondashilgani, tomoshaviyligi va oʻziga xos milliyligi bilan ajralib turadi („Dilga yaqin qoʻshiqlar“, „Sozlar navosi“, „Moziydan sado“, „Hofizlar kuylaganda“, „Musiqiy sayohat“ va boshqalar). „Oʻ.“ roʻyxatidan etnografik, madaniy hayotga oid, manzarali filmlar koʻproq oʻrin olgan. „Oʻzbekiston nimasi bilan boy“, „Xonatlas“, „Dard“, „Doʻppi“, „Qoʻqon yodgorliklari“, „Tandir, archa, olov“, „Mosh tabib“, „Margʻilon ipagi“, „Kulolchilik“, „Baxmal“ va boshqalar shular jumlasidan. Studiyada Sh. Junaydullayev, B.Ahmedov, S.Ahmadxoʻjayev, E.Davidov, T. Ahmadxoʻjayev, N.Qoʻldoshev, Sh. Bizaatov, Sh. Xoʻjayev, S.Boboyev, E.Mirzayev kabi rej.lar, N. Gerasimov, A.Avazxoʻjayev, K.Karimov, M.Soliyev, B.Nazrullayev, A.Qoriyev, A.Koʻchqorov va boshqalar operatorlar mehnat qilib kelmoqda. 70—80-yillar telefilmlari asosan kinotasmaga tushirilgan. 1997-yil „Oʻ.“ qoshida dublyaj guruhi tashkil etildi (tashkilotchilari B.Abdullayev, yilAbdukarimov).
Dublyaj qilingan filmlardan „Oqibat“, „Qunduz amakining qissalari“, „Bu ham kino“, „Zita va Gita“, „Jilovlanmagan Afrika“, „Ming bir kecha“, „Qalbim chechagi“, „Choliqushi“, „Edemga qaytish“, „Qirol sher2“, „Gladiator“, „Filipp Marlou“, „Ramayana“, „Kleopatra“, „Dallas“ va boshqalar. Hozirgi kunda „Oʻ.“ ijod yoʻnalishida izlanish kuzatilmoqda. Hujjatli, xronikal, musiqali filmlardan tashqari seriallar ishlashga ham alohida eʼtibor berilmoqda.
Sabohat Hayitmatova.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |