Kemiruvchilar
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kemiruvchilar (Rodentia) - sut emizuvchilar sinfiga mansub hayvonlar turkumi. 1600, baʼzi maʼlumotlarga koʻra 2000 ga yaqin turi maʼlum. Tanasi gʻoʻlasimon, uz. 5-130 sm. Koʻpchilik K.ning oyogʻida yer kavlashga moslashgan tirnoqlari bor. Boshi uzunchoq, tepasi yassi. Koʻzi turtib chiqqan, baʼzilarida esa rivojlanmagan (mas, koʻrsichqonlarda). Labida qilsimon moʻylovi bor. Qoziq tishlari koʻrinib turadi. Baʼzi K. (nutriya, ondatra va boshqalar)ning moʻynasi sanoat ahamiyatiga ega. K.ning koʻpchiligi qishloq xoʻjaligi zararkunandasidir. Oʻrta Osiyoda uchraydigan eng yirik K.: jayra (Hystrixhirsu tirostus Vg.); sariq yumronqoziq (Citellus falvus oxianus Thorns.) — beda ekiniga, daladagi gʻallaga, tokzorlarga, mevali bogʻlarga zarar keltiradi va oʻlat kasalligini tarqatadi. Terisi qadrlanadi. Oʻrta Osiyoning tekislik qismida tarqalgan. Tanasi 30 sm cha; rangi qumsimon sariqqoramtir aralash. Dashtlarda yashaydi. Mavsumda bir marta koʻpayib, 6—8 bola tugʻadi; qadimgi yumronqoziq (Citellus relectus Kaschk.) — qir-adirlardagi bugʻdoy, arpa ekinlarini shikastlaydi. Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning togʻli hududlarida tarqalgan. Tanasi 22 sm cha; 4 tagacha bola tugʻadi; Turkiston olmaxoni (Dyromus nitedula angelus Thorns.) — oʻrik va boshqa mevali daraxtlarga zarar keltiradi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonning togʻli hududlarida tarqalgan. Tanasi 10 sm cha. Mavsumda 1—3-marta 2—6 tadan bola tugʻadi; kichik qoʻshoyoq (Allactaga elater Zicht.) gʻalla va boshqa ekinlarni zararlaydi. Oʻrta Osiyo, Janubiy va Markaziy Qozogʻiston va boshqa joylarda tarqalgan. Kattaligi 9,5—11,5 sm. Orqa oyoqlari oldingisidan anchagina uzun. Choʻl va yarimchoʻllarda yashaydi. Tunda faol; kuzda uyquga kiradi. Yilda uch marta urchiydi; Turkiston kalamushi (Rattus turkestanicus satun) — Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda tarqalgan. Ombor mahsulotlariga zarar keltiradi; oʻlat kasalligini tarqatishi mumkin. Tanasi 20 sm cha. Usti qoʻngʻirkulrang, qorin tomoni sargʻish-oq. Yilda bir necha marta urchib, 8—10 bola tugʻadi; plastinka tishli kalamush (Wesokiaindica Gray.) — beda, gʻalla, sholi, bugʻdoy, makkajoʻxori, poliz ekinlari, baʼzan gʻoʻza hamda daraxtlarni shikastlaydi. Oʻzbekistonning jan. qismi, Turkmaniston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Kulrangdan malla tusgacha. Aholi punktlariga yaqin yerlarda, ariq va daryo qirgʻoqlarida tarqalgan. Toʻda boʻlib yashaydi; Sever so v sichqoni (Musmusculus severtrovi Kaschk.) — uy zararkunandasi. Oziq-ovqat mahsulotlari, teri, kitoblarga zarar keltiradi. Tanasi 9—10 sm. Usti qoʻngʻir kulrang, qorin qismi oq; koʻrsichqonlar (Ellobius talpinus Pall.) — beda va boshqa ekinlarni zararlaydi. Oʻrta Osiyo, Qozogʻiston, Zakavkazye va boshqa hududlarda tarqalgan. Tanasi 9—12 sm. Usti sargʻish jigarrang, baʼzan qoʻngʻir. Oʻsimlik qoplami qalin joylarda tarqalgan. Yer ostida yashaydi. Qishki uyquga kirmaydi. Mavsumda 3-marta urchiydi; jamoatchi dala sichqon (Mikrotus socialis Pall.) — baʼzan bugʻdoy, arpa, kartoshkani shikastlaydi. Janubiy Qozogʻistondagi togʻ oldi yerlari hamda togʻlarda, Qirgʻiziston, Janubiy Turkmaniston va boshqa yerlarda uchraydi. Kattaligi 9—11 sm; sargʻimtir qoʻngir, qorin tomoni oq. Eversman qumsichqoni yoki qizildum qumsichqon (Pallasiomys erythrourus ssp. eversmanni Bagd.) — Oʻrta Osiyodagi xavfli kemiruvchi zararkunandalardan, gʻoʻza, bugʻdoy, poliz ekinlarini zararlaydi. Turkmaniston, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistonning baʼzi hududlarida tarqalgan. Tanasi 15 sm cha. Usti kulrang-sargʻish, qorin tomoni oq. Yil boʻyi faol hayot kechiradi. Yiliga 3—4-marta urchiydi; katta qumsichqon (Rhombomys opimus Zicht.) — sugʻorish kanallari qirgʻoqlarini, yaylov va boshqalarni shikastlaydi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston choʻllarida tarqalgan. Tanasi 17—20 sm. Usti malla sargʻish, qorin tomoni oqish. Toʻda boʻlib yashaydi; qishki uyquga kirmaydi. Kunduzi faol.
Kurash choralari: mexanik va fizik himoya usullarini qoʻllash (yana qarang Ombor zararkunandalari).
Adabiyot
tahrir- Yaxontov V.V., Vrediteli selskoxozyaystvennix rasteniy i produktov Sredney Azii i borba s nimi, T., 1953;
- Nikiforov N.I., Meri borbi s grizunami, M., 1987.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |