Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Belbog‘ (chorsi, qiyiq, qiyiqcha, belqars) – belga bog‘lanadigan to‘rtburchak shakldagi mato, milliy kiyimning tarkibiy qismi. Turkiy xalqlarda erkaklar kiyimi (to‘n, yaktak va boshqalar) ustidan belga bog‘lanadi, ba’zan ikki va undan ortiq belbog‘  bog‘lab yurish odati bor. Gulli, gulsiz matolar (bo‘z, las, shoyi, atlas va boshqalar) dan tayyorlanib, kashta bilan bezatiladi.

Etimologiyasi

tahrir

Belbog‘ turkiy so‘z bo‘lib, bel – odam tanining o‘rta qismi, bog‘  – bog‘lanadigan narsa. Bu qo‘shma ot qadimgi turkiy tilda belbag‘ birikmasining bir so‘zga birlashuvidan yuzaga kelgan, keyinchalik egalik qo‘shimchasi talaffuz etilmay qo‘ygan[1].

Bog‘ komponentli bu xil qo‘shma so‘zlarga yana qorinbog‘, qo‘lbog‘, ishtonbog‘, bo‘yinbog‘  so‘zlarini ham  keltirish mumkin.

Belbog‘ XI asr tilida qur, qurshag‘  so‘zlari  bilan ifodalangan. Qurshag‘  – qurshamoq (o‘ramoq) fe’lidan olingan bo‘lib, "Devonu lug‘atit turk"da bu so‘z    (قرشاغ) qurshag‘ shaklida beriladi va belbog‘, bog‘, o‘rama tarzida izohlanadi. Mazkur so‘z o‘tov ustidan aylantirib bog‘lanadigan jiyak, o‘tov jiyagi, arqoni kabi ma’nolarda ham  ishlatilgan[2].

XIV – XV  asr va so‘nggi davr manbalarida qur, belbog‘, po‘ta so‘zlari uchrab turadi:

Beliga zarrishta qurin band etib,

Balki zarofat bila takband etib (A. Navoiy) yoki Dayr piri xizmatig‘ a ulki der bel bog‘ ladim,

Chin degay ul vaqtkim zunnor bo‘lg‘ ay belbog‘i (A.Navoiy)

A. Borovkov qur so‘zini belga bog‘lanadigan belbog‘ deb izohlagan. Qur, qurshog‘, belbog‘ so‘zlarining  tarixiy rivojlanishi yuzasidan o‘tkazilgan kuzatishlar qur so‘zi o‘rnida keyingi asrlarda belbog‘ qo‘llana boshlaganini ko‘rsatadi.

Belbog‘, qur, qurshoq so‘zlari hozirgi zamon turkiy til lug‘atlari va yozma manbalarida quyidagi shakllarda uchraydi: ozarbayjon tilida – gurshag, xakas tilida xur, qumiq tilida belbog‘, no‘g‘oy tilida belbev, qirg‘iz tilida belboo, qozoq tilida belbeu, o‘zbek tilining qarluq-qipchoq shevalarida belqars. 

O‘zbek shevalarida: Qarshi, Shahrisabzda – qars, belqa(r)s, belbaq, qiyiq; Namangan, Uychi shevalarida belbog‘ , belvog‘ ,chorsi, qiyiqcha; Andijon, Farg‘ onada belvoq,// belvaq//belvag‘ , chorsi, qiyiq; Vobkentda ro‘pakcha, tojiklar bilan aralash yashovchi ayrim o‘zbeklar, masalan, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryoda miyonband, ro‘pakcha deb yuritiladi.

Qiyiq nomi belbog‘ uchun belgilangan gazlamani uchma-uch keltirib buklab, qiyib yasalish xususiyatini ifodalaydi va u qiymoq fe’lidan olingan. Bu nom Farg‘ona vodiysi, Toshkent va uning atrofida yashovchi o‘zbeklar nutqida uchraydi. Uning kichkina turi qiyiqcha. Ba’zan ikki belbog‘li gazlamani o‘rtasidan bo‘lmay turib tikadilar va bunday shakl qo‘sh qiyiq-qo‘sha qiyiq deyiladi. Qars (belqars) nomi Samarqand va uning atrofida yashovchi o‘zbeklar tiliga oiddir[3].

Qashqadaryo vohasining ayrim tumanlarida  belbog‘ bilan belqarsning ma’lum farqli jihatlari ham bo‘lgan. Jumladan, Yakkabog‘ va Dehqonobod tumanlarida erkaklarning bellariga bog‘laydigan oddiy va kashtalanmagan mato bo‘lagi belbog‘ deb, chiroyli kashtalar bilan bezatilgan qimmatbaho mato bo‘lagi esa belqars deb nomlanadi[4].

Tayyorlanishi

tahrir

Belbog‘lar parang, atlas, adras, parcha, bo‘z, chit, satin, beqasam kabi matolarning biridan 1/110 o‘lchamda qirqib olinadi va chetlari bukiladi. Avval matoga tikiladigan kashta gullarining chizmasi tayyorlab olinadi. Matoning chetilaridan 5 sm atrofida joy qoldirib, bir tomondan ikkinchi tomonga qaratib kashta tikiladi. Kashtalar yo‘rma, sug‘ urma, kungara kashtalar usulida tikiladi. Kungara kashtaning yolg‘on kungara, chin kungara turlari mavjud. Hozirgi kunda belbog‘  kashtalarini popopda tikish ham mavjud.  

Qashqadaryo vohasida chit, satin, bo‘z va boshqa matolardan belbog‘ tikilgan. Chorvador aholi orasida teri va jundan to‘qilgan shol belbog‘, fo‘ta belbog‘ , matri belbog‘ ham mavjud bo‘lgan[4].

Belbog‘  va milliy udumlar

tahrir

Belbog‘ o‘zbek milliy an’analari va udumlarida faol qo‘llanadigan vositalardan sanaladi. Fang‘ona vodiysida nikoh to‘yi marosimida kuyovlarga belbog‘ bog‘latish an’anasi mavjud. Kuyovga, odatda, kamida 4 ta belbog‘ bog‘latiladi. Kuyovga dastlab oq parchadan tikilgan belbog‘  bog‘latish udumi bor.

Belbog‘  bog‘lash qadimdan mavjud bo‘lgan, kishilar uchun zeb, milliy urf-odat tusiga aylangan. Marosimlarda, jumladan, to‘yda kuyovga to‘n kiydirib bel bog‘lanadi. Erkaklar, ayollar ham yaqin kishilaridan biri vafot etganda belbog‘ bog‘lashadi. Yoshlar bezakli, rangdor belbog‘, qariyalar esa oq matodan tikilgan sidirg‘a belbog‘ bog‘laydilar. Belbog‘  asosiy vazifasidan tashqari boshqa vazifalarni ham o‘tagan: orasiga mayda-chuyda narsalar solib bog‘langan; uzoq safarlarda dasturxon yoki sochiq vazifasini o‘tagan, joynamoz vazifasini ham bajargan[5].

Erkaklarning belbog‘ bog‘lab yurishi o‘ziga xos ramziy ma’noni ham anglatgan. Jumladan, bo‘yinga osilib, uchlari ko‘krakka tushirilgan belbog‘  o‘ziga xos g‘am-qayg‘uni va bu behalovat dunyodan voz kechishni anglatgan. Toshkent shahri va Toshkent vohasida belbog‘ bog‘lash azadorlik ramzi hisoblangan. Qolaversa, qadimda belni bog‘lash qandaydir xizmatga, harakatga tayyorlikni ham bildirgan. Jumladan, Bolaliktepadagi devoriy suratlardan birida belini bog‘lagan erkak qandaydir marosimni o‘tkazayotgani tasvirlangan.

Qashqadaryo vohasida motam marosimida agar erkak kishi vafot etsa, tobut ustiga to‘n va belqars yopilgan[4].

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Manbalar

tahrir
  1. Sh. Rahmatullayev. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati (1-jild). Universitet, 2000 — 45-bet. 
  2. Mahmud Koshg‘ariy. Devonu lug‘atit turk — 432-bet. 
  3. Asomiddinova M. Kiyim-kechak nomlari lug‘ati. Fan, 1981. 
  4. 4,0 4,1 4,2 Davlatova S. Qashqadaryo milliy kiyimlari: an'anaviylik va zamonaviylik, 2006 — 58-59-bet. 
  5. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, Toshkent, 2000.