Leykotsitlar
Leykotsitlar (qadimgi yunoncha: λευκός — oq va κύτος — hujayra), oq qon tanachalari — odam va hayvonlar qonidagi rangsiz hujayralar; qonning yadroli shaklli elementlari. Yadrosining shakli har xil, shunga koʻra, tayoqcha yadroli, segment yadroli va monotsitlarga ajrati-ladi. Leykotsitlar suyak koʻmigi, limfa tugunlari va taloqda hosil boʻladi. Donali Leykotsitlar (granulotsitlar) va donasiz Leykotsitlar (agranulotsitlar) farq qilinadi. Qonni tekshirganda Leykotsitlarning boʻyalish xususiyatiga qarab, ularni eozinofillar (kislotali boʻyoq—eozin bilan boʻyaladi), bazofillar (asosli boʻyoq — metilen koʻki bilan boʻyaladi) va neytrofillarga (neytral boʻyoqlar bilan boʻyaladi) boʻlinadi, ularning har biri maʼlum bir funksiyani bajaradi. Leykotsitlar qon tomir oʻzanidan chiqib hujayralararo boʻshlikda oʻzicha harakat qila oladi. Ular organizmning yot jismlar kirgan joyiga yetib kelib, mikroorganizmga yaqinlashgach, soxta oyoqlar chiqarib, uni hamma tomondan oʻrab oladi va yutib yuboradi (qarang Fagotsitoz). Organizmni mikroorganizmlardan himoya qilishda qon yaratuvchi aʼzolarning roli katta, bu vaqtda ular koʻplab leykotsit ishlab chiqaradi. Fagotsitozda faqat Leykotsitlargina emas, balki organizmdagi boshqa hujayralar ham ishtirok etadi. Bunday hujayralar makrofaglar deyiladi. Leykotsitlar, makrofaglar, qon va toʻqimalardagi boshqa faol moddalar faqat bakteriyalar hamda kasallik qoʻzgʻatuvchi agentlarni yutib yubormay, balki organizmni jarohat yoki kasallik tufayli nobud boʻlgan hujayralardan, toksinlardan ham tozalaydi. Shuning uchun turli kasalliklarda qonda Leykotsitlar soni anchaoshib ketadi (qarang Qon yaratilishi). 1 mkl qonda, odatda, 4000—9000 leykotsit boʻladi. Ular soni kun boʻyi oʻzgarib turadi, masalan, ertalab Leykotsitlarkam boʻlsa, tushdan keyin koʻpayadi. Leykotsitlarning ayrim turlari protsent jihatdan muayyan nisbatda boʻladi (ahyonda oʻzgarishi ham mumkin), bu nisbat leykotsitar formula deb ataladi. Leykotsitlar sonining ortib ketishi (9000 dan ortiq) leykotsitoz, kamayishi (4000 dan kam) leykopeniya deyiladi. Limfotsitlar va monotsitlar ham Leykotsitlarning bir turi—agranulotsitlarga (donasiz Leykotsitlarga) kiradi. Immunitet vujudga kelishida limfotsitlarning roli katta; ular toksinlarni zararsizlantiradi va antitelolar hosil boʻlishida qatnashadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |