Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Orqa miya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Orqa miya

Orqa miya (sariq) miyani butun tanadagi nervlar bilan bogʻlaydi.
Lotincha nomi Medulla spinalis
ning qismi Markaziy nerv sistemasi
Arteriya Spinal arteriya
Vena Spinal vena

Orqa miya (lot. medulla spinalis) nerv toʻqimasidan tuzilgan uzun, nozik, naysimon tuzilma boʻlib, miya ustunidagi uzunchoq miyadan umurtqa pogʻonasining bel sohasigacha davom etadi. U miya suyuqligini saqlovchi umurtqa pogʻonasining markaziy kanalini qamrab oladi. Miya va orqa miya birgalikda markaziy nerv sistemasi (MNS)ni tashkil qiladi. Odamlarda, orqa miya ensa suyagida boshlanadi, katta teshikdan oʻtib boʻyin umurtqalari boshlanishida orqa miya kanaliga kiradi. Orqa miya pastga qarab birinchi va ikkinchi bel umurtqalari oraligʻigacha kengayib boradi va shu yerda tugaydi. Oʻrab turuvchi suyakli umurtqa pogʻonasi nisbatan qisqa orqa miyani himoya qilib turadi. U erkaklarda tahminan 45 sm va ayollarda tahminan 43 sm uzunlikda. Orqa miyaning diametri boʻyin va bel sohalaridagi 13 mm dan, koʻkrak sohasidagi 6,4 mm gacha oʻzgarib turadi.

Orqa miya nerv signallarini harakatlantiruvchi poʻstloqdan tanaga va sezuvchi neyronlarning afferent tolalaridan sezuvchi poʻstloqqa oʻtkazish vazifasini bajaradi. U shuningdek koʻplab reflexlar uchun koordinatsiyalovchi markaz va reflekslarni mustaqil boshqara oluvchi reflex yoylari saqlaydi.[1] U yana markaziy pattern generatorlari nomi bilan ma’lum boʻlgan nerv halqalarini hosil qiluvchi spinal interneyronlar guruhlarining joylashgan joyi hamdir. Bu halqalar yurish kabi ritmik harakatlar boshqariluvi uchun javobgar.[2].

Orqa miya segmetnlarini koʻrsatuvchi diagramma
(1) Miya (2) Markaziy nerv sistemasi (3) Orqa miya

Orqa miya miya va periferik nerv sistemasini bogʻlab turuvchi asosiy yoʻl.[3][4] Uni himoya qilib turuvchi umurtqa pogʻonasidan anchagina qisqa boʻlgan odam orqa miyasi miya ustunida hosil boʻladi, katta teshik orqali oʻtadi va filum terminale nomi bilan ma’lum fibroz kengaymada tugashidan oldin, ikkinchi bel umurtqasi yaqinida conus medullaris orqali davom etadi.

U erkaklarda tahminan 45 sm va ayollarda tahminan 43 sm uzunlikka ega, ovalsimon shaklda va boʻyin va bel sohalarida kengaygan. Boʻyin kengaymasi, C5 dan T1 gacha choʻzilgan boʻlib, qoʻllar va tanadan sezgi impulslari oladigan va harakat impulslari yuboriladigan sohadir. Bel kengaymasi, L1 va S3 orasida joylashgan va qoʻldan tashqari sezgi impulslarini qabul qiladigan va oyoqlarga harakat impulslarini yuboradigan sohadir.

Orqa miya uzunchoq miya kaudal qismining davomi boʻlib, kalla suyagi asosidan tananing birinchi bel umurtqasigacha boradi. U kattalarda umurtqa pogʻonasining toʻliq uzunligi boʻylab davom etmaydi. U bir juftdan sezuvchi ildiz va bir juftdan harakatlantiruvchi ildizga ega 31 segmentdan iborat. Nerv ildizlari keyin bilateral simmetrik juft orqa miya nervlariga birlashadi. Periferik nerv sistemasi shu ildizlar, nervlar va gangliya (tugun)lardan iborat.

Orqa ildizlar afferent tutamlari boʻlib, teri, muskullar va miya bilan bogʻliq ichki organlardan sezgi impulslarini qabul qiladi. Ildizlar mos neyron hujayra tanalaridan tashkil topgan orqa ildiz gangliyalarida tugaydi. Oldingi ildizlar efferent tolalardan iborat va harakatlantiruvchi neyronlarning orqa miya oldingi kulrang shoxlaridan topiladigan hujayra tanalaridan chiqadi.

Orqa miya (va miya) kanalni oʻrab turuvchi miya pardalari (lot. meninges) deb ataluvchi uch qavat toʻqima yoki membranalar tomonidan himoya qilinadi. Qattiq parda eng tashqi qavat va qattiq himoya qoplamini hosil qiladi. Qattiq parda va atrofdagi umurtqa suyaklari orasidagi boʻshliq epidural boʻshliq deb ataladi. Epidural boʻshliq yogʻ toʻqimasi bilan toʻlgan va u oʻzida qon tomirlar tizimini saqlaydi. Toʻrsimon parda, oʻrta himoya qavati, ochiq, oʻrgimchak toʻri kabi koʻrinishi tufayli shunday nomlangan. Toʻrsimon va ostida yotuvchi yumshoq parda orasidagi boʻshliq subaraxnoid boʻshliq deb ataladi. Subaraxnoid boʻshliqda miya suyuqligi boʻladi, uni lyumbal punksiya muolajasi orqali tekshirish mumkin. Nafis yumshoq parda, eng ichki himoya qatlamidir va orqa miya yuzasi bilan zich bogʻlangan. Orqa miya qattiq pardaga birikuvchi tishsimon boylamlar orqali stabilizatsiya qilinadi va bu boylamlar yumshoq pardadan lateral, orqa va oldingi ildizlari orasidan chiqadi. Dural qopcha ikkinchi dumgʻaza umurtqasi sohasida tugaydi.

Koʻndalang kesimda, orqa miyaning periferik qismi sezuvchi va harakatlantiruvchi aksonlardan iborat neyronal oq modda traktlarini saqlaydi. Bu periferik sohadan ichkarida kulrang modda joylashgan va unga kapalak shaklini beruvchi uchta kulrang ustunlar boʻylab joylashgan nerv hujayralari tanalaridan iborat. Bu markaziy soha toʻrtinchi qorinchaning davomi boʻlgan markaziy kanalni oʻrab turadi va unda miya suyuqligi boʻladi.

Orqa miya koʻndalang kesimda ellips shaklida, dorsolateral qisilgan. Ikkita mashhur oʻyiqlar yoki egatlar uning uzunligi boʻylab ketgan. orqa oʻrta egat (lot. sulcus medianus posterior) orqa tomodagi va oldingi oʻrta egat (lot. sulcus medianus anterior) oldingi tomondagi egatlardir.

Orqa miya segmentlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odam orqa miyasi segmentlarga boʻlingan boʻlib, u yerda orqa miya nervlari juftlari (aralash; sezuvchi va harakatlantiruvchi) hosil boʻladi. Oltitadan sakkiztagacha harakatlantiruvchi nerv ildizchalari oʻng va chap tomondan ventrolateral egatlardan chiqib, juda tartibli joylashgan. Nerv ildizchalari birlashib nerv ildizlarini hosil qiladi. Shunga oʻxshash, oʻng va chap dorsolateral egatlardan chiquvchi sezuvchi nerv ildizchalari sezuvchi nerv ildizlarini hosil qiladi. Oldingi (ventral) (harakatlantiruvchi) va orqa (dorsal) (sezuvchi) ildizlari birlashib orqa miyaning har tomonida bittadan orqa miya nervlarini (aralash; sezuvchi va harakatlantiruvchi) hosil qiladi. Orqa miya nervlari, C1 va C2 dan tashqari, umurtqalararo teshik ichida hosil boʻladi. Bu ildizchalar markaziy va periferik nerv sistemalarini ajratib turuvchi demarkatsiyani hosil qiladi.

Umurtqa seksiyasi modeli.
Odam umurtqasi va orqa miyasi segmentlari modeli, orqa miyadan (koʻrinmagan) lateral chiqqan nerv ildizlarini koʻrish mumkin.

Kulrang ustun, (uch kulrang ustunlar sohalari kabi) orqa miya markazida, kapalak shaklida va interneyronlar, harakatlantiruvchi neyronlar, neyrogliya hujayralari tanalari va miyelinlanmagan aksonlardan iborat. Oldingi va orqa kulrang ustun kulrang modda proyeksiyalari hisoblanadi va orqa miya shoxlari sifatida ma’shhur. Kulrang ustunlar va kulrang kommissura birgalikda "kulrang H"ni hosil qiladi.

Oq modda kulrang moddadan tashqari tomonda joylashgan va deyarli toʻliq harakatlantiruvchi va sezuvchi miyelinlangan aksonlardan iborat. Oq modda "ustunlari" orqa miya boʻylab pastga yoki yuqoriga informatsiya tashiydi.

Orqa miya aslida conus medullaris deb ataluvchi sohada tugaydi, lekin yumshoq parda filum terminale deb ataluvchi kengayma sifatida davom etadi, natijada orqa miya dum (lot. coccyx)gacha boradi. Cauda equina ("ot dumi") conus medullarisdan pastga, umurtqa pogʻonasi boʻylab dumgacha tushuvchi nervlar toʻplami. Cauda equina hosil boʻlishiga sabab orqa miya tahminan toʻrt yoshda oʻsishdan toʻxtaydi, umurtqa pogʻonasi boʻlsa voyaga yetgungacha uzayishda davom etadi. Bu dumgʻaza spinal nervlarini yuqorigi bel sohasida paydo boʻlishiga sabab boʻladi.

Markaziy nerv sitemasi (MNS)da nerv hujayra tanalari yadrolar deb ataluvchi funksional klasterlar holatida boʻladi. MNSdagi aksonlar traktlarga guruhlanadi.

Odam orqa miyasida 31 ta segment mavjud:

  • 8 boʻyin segmentlari 8 juft boʻyin nervlarini hosil qiladi (C1 spinal nervlar katta teshik va C1 umurtqa orasidan chiqadi; C2 nervlar C1 umurtqa orqa ravogʻi va C2 ning laminasi orasidan chiqadi; C3–C8 spinal nervlar umurtqalararo teshikdan, tegishli umurtqaning yuqorisidan chiqadi, C8 juftidan tashqari, u C7 va T1 umurtqalar orasidan chiqadi)
  • 12 koʻkrak segmentlari 12 juft koʻkrak nervlarini hosil qiladi
  • 5 bel segmentlari 5 juft bel nervlarini hosil qiladi
  • 5 dumgʻaza segmentlari 5 juft dumgʻaza nervlarini hosil qiladi
  • 1 dum segmenti
Ba’zi turlardagi orqa miya segmentlari [5]
Turlar Boʻyin Koʻkrak Bel Dumgʻaza Dum Umumiy
It 8 13 7 3 5 36
Mushuk 8 13 7 3 5 36
Sigir 8 13 6 5 5 37
Ot 8 18 6 5 5 42
Choʻchqa 8 15/14 6/7 4 5 38
Odam 8 12 5 5 1 31
Sichqon[6] 8 13 6 4 3 35

Homilada umurtqa segmentlari orqa miya segmentlari bilan mos keladi. Ammo, umurtqa pogʻonasi orqa miyaga nisbatan uzunroq oʻsgani sababli, voyaga yetganlarda orqa miya segmentlari umurtqa segmentlariga toʻgʻri kelmaydi, xususan pastki orqa miyada. Masalan, bel va dumgʻaza orqa miya segmentlari T9 va L2 umurtqalari sohasida joylashgan va orqa miya tahminan L1/L2 umurtqa sohasida conus medullaris deb ataluvchi tuzilmani hosil qilib tugaydi.

Garchi orqa miya hujayra tanalari tahminan L1/L2 umurtqa sohasida tugasada, har bir segmentning orqa miya nervlari mos umurtqa sohasidan chiqadi. Pastki orqa miya uchun bu shuni anglatadiki, ular oʻz ildizlaridan birmuncha pastroqda umurtqa pogʻonasidan chiqadi. Bu nervlar ildizlaridan chiqish nuqtalarigacha borar ekan, pastki segmentlar ot dumi deb ataluvchi tutamni hosil qiladi.

Orqa miyada ikkita kengayma mavjud:

  • Boʻyin kengaymasi – qoʻlni innervatsiya qiluvchi yelka chigali nervlariga toʻgʻri keladi. U tahminan C4dan T1gacha boʻIgan orqa miya segmentlarini oʻz ichiga oladi. Kengaymaning umurtqa pogʻonasidagi oʻrni ham deyarli bir xil (C4dan T1gacha).
  • Bel kengaymasi – oyoqlarni innervatsiya qiluvchi bel-dumgʻaza chigaliga toʻgʻri keladi. U L2dan S3gacah orqa miya segmentlaridan iborat va T9dan T12gacha umurtqa sohalarida joylashadi.
Besh haftalik embrion oʻrta kesimida orqa miya koʻringan
3 oylik homila oʻrta kesimida orqa miya koʻringan

Orqa miya rivojlanish davomida nerv naychasining bir qismidan hosil boʻladi. Orqa miya nerv naychasidan ajralishining toʻrt bosqichi mavjud: nerv plastinkasi, nerv chuqurchasi, nerv naychasi va orqa miya. Neyral differensiatsiya naychaning orqa miya qismida kechadi.[7] Nerv naychasi rivojlanishni boshlar ekan, notoxord Sonic hedgehog yoki SHHH deb ataluvchi faktorni sekret qilishni boshlaydi. Natijada, pol plastinkasi ham SHH sekretsiyasini boshlaydi va bu bazal plastinkaning harakatlantiruvchi neyronlarga rivojlanishiga sabab boʻladi. Nerv naychasi yetilishi davomida, uning lateral devorlari qalinlashadi va chegaralovchi egat deb ataluvchi boʻylama egatni hosil qiladi. Bu oldingi va orqa tomonlarda uzunligini kengaytiradi.[8] Shu orada, ustki ektoderma suyak morfogenetik oqsili (SMO)ni sekretsiya qiladi. Bu tom plastinkadan SMO sekretsiyasi boshlanishiga sabab boʻladi, u boʻlsa qanotsimon plastinkaning sezuvchi neyronlarga rivojlanishiga sabab boʻadi. SMO va SHH kabi morfogenlarning qarama-qarshi gradiyentlari dorsal ventral oʻq boʻylab boʻlinayotgan hujayralarning turli domenlarini hosil qiladi.[9] Orqa ildiz gangliy neyronlari neyral toj progenitorlaridan differensiatsiya boʻladi. Orqa va oldingi ustun hujayralari proliferatsiya boʻlar ekan, nerv naychasi boʻshligʻI torayadi va orqa miyaning kichik markaziy kanalini hosil qiladi.[10] Qanotsimon plastinka va bazal plastinka chegaralovchi egat orqali ajralgan. Qoʻshimchasiga, pol plastinka netrinlarni ham ajratadi. Netrinlar qanotsimon plastinkadagi ogʻriq va harorat sezuvchi neyronlarning oldingi oq kommissura boʻylab kesishtiruvchi xemoatraktantlar sifatida ta’sir qiladi, bu yerdan ular keyin thalamusga qarab koʻtariladi. Kaudal neyroporalarning yopilishi va xoroid chigal toʻqimasini saqlovchi miya qorinchalari shakllanishidan keyin kaudal orqa miyaning markaziy kanali miya suyuqligi bilan toʻladi.

Viktor Hamburger va Rita Levi-Montalcinining joʻja embrionlari ustidagi ilk topilmalari ancha keyingi izlanishlarda oʻz tasdigʻini topdi, bu neyronal hujayralarning programmalashtirilgan hujayra oʻlimi yordamida olib tashlanishi nerv sistemasining toʻgʻri rivojlanishida ahamiyatga ega.[11]

Umuman olganda, spontan embryonal faollik neyron va muskul rivojlanishida rol oʻynaydi, lekin spinal neyronlar oʻrtasida bogʻlanishlarning ichki hosil boʻlishida ishtirok etmaydi.

Qon bilan ta’minlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Orqa miya uzunligi boʻyicha davom etuvchi, miyadan chiqadigan uch arteriya va umurtqa pogʻonasi yon tomonlaridan kiruvchi koʻplab arteriyalar yordamida qon bilan ta’minlanadi. Uch boʻylama arteriyalar: oldingi spinal arteriya va oʻng va chap orqa spinal arteriyalar.[12] Ular subaraxnoid boʻshliqda joylashadi va orqa miya tarmoqlar beradi. Ular oldingi va orqa segmental medullyar arteriyalar orqali anastomozlar hosil qiladi, ular orqa miya boʻylab turli nuqtalardan kiradi.[12] Bu arteriyalar orqali oquvchi qon, orqa serebral sirkulyatsiyadan chiqadi, aslida, orqa miyaning boʻyin segmentlaridan pastini ta’minlash uchun yetarli emas.

Orqa miyaning boʻyin sohasidan pastni asosiy arterial qon bilan ta’minlash radial joylashgan orqa va oldingi radikulyar arteriyalar orqali amalga oshiriladi, ular oldingi va orqa nerv ildizlari bilan birga orqa miyaga kiradi, lekin uchta boʻylama arteriyalarning birontasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri birikmaydi.[12] Bu qovurgʻalararo va bel radikulyar arteriyalar aortadan chiqadi, asosiy anastomozlarni hosil qiladi va orqa miyani qon bilan ta’minlaydi. Odamlarda oldingi radikulyar arteriyalarning eng yirigi Adamkiewicz arteriyasi yoki oldingi radikulyaris magna deb ataladi va odatda L1 va L2 orasidan chiqadi, ammo T9 dan L5gacha boʻlgan istalgan joydan chiqishi mumkin.[13] Ushbu kritik radikulyar arteriyalarda qon oqimi buzilishi, xususan aortada keskin qon oqimi buzilishi bilan kechuvchi xirurgik amaliyotlarda, masalan aorta anevrizmasini toʻgʻirlash natijasida, orqa miya infarkti va paraplegiyaga sabab boʻlishi mumkin.

Somatosensor tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Orqa miya traktlari.


Orqa ustun-medial lemnisk traktida, birlamchi neyronning aksoni orqa miyaga kiradi va keyin orqa ustunga kiradi. Agarda birlamchi akson T6 sohasidan pastdan kirsa, nozik tutamda, ustunning medial qismida joylashadi. Agarda akson T6dan yuqoridan kirsa, unda ponasimon tutamda, nozik tutamlardan lateral tomonda joylashadi. Ikkala yoʻl bilan ham, birlamchi akson uzunchoq miyaning pastki qismiga koʻtariladi, bu yerda tutamni tark etadi va orqa ustun yadrolaridan biridagi ikkilamchi neyron bilan sinaps hosil qiladi: nozik yadro yoki ponasimon yadroda, qaysi yoʻldan kelganligiga qarab. Shu nuqtada, ikkilamchi akson yadrodan chiqadi va oldingi va medial tomonga oʻtadi. Buni qiluvchi ikkilamchi aksonlar toʻplami ichki arkasimon tolalar deb ataladi. Ichki arkasimon tolalar kesishadi va kontralateral medial lemnisk sifatida davom etadi. Medial lemniskdan ikkilamchi aksonlar nihoyat talamusning ventral orqa lateral yadrosida (VOLY) tugaydi, shu yerda uchlamchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi. Shu yerdan, uchlamchi neyronlar ichki kapsulaning orqa limbi orqali koʻtariladi va birlamchi sezuvchi poʻstloqda tugaydi.

Oyoqlarning propriosepsiyasi qoʻllar va tananing yuqori qisminikidan farq qiladi. Oyoq propriosepsiyasi uchun toʻrt-neyronlik yoʻl bor. Bu yoʻl tabiiy orqa spino-serebellar trakt bilan ketadi. U quyidagicha tartiblangan: oyoqlardagi proprioseptiv retseptorlar → periferik jarayon → orqa ildiz gangliysi → markaziy jarayon → Clarke ustuni → 2-tartibdagi neyron → Uzunchoq miya [[Dum yadrosi) → 3-tartibdagi neyron → talamusning VOLYlari → 4-tartibli neyron → ichki kapsulaning orqa limbi → nursimon toj → Bosh miyaning sezuvchi sohasi.

Oldingi lateral Sistema qandaydir boshqacha ishlaydi. Uning birlamchi neyronlarining aksonlari orqa miyaga kiradi va 1-2 qavat koʻtarilib, keyin jelatinli substansiyada sinaps hosil qiladi. Sinaps qilishdan oldingi koʻtariluvchi trakt Lissauer trakti nomi bilan ma’lum. Sinapsdan keyin, ikkilamchi akson kesishadi va orqa miyaning oldingi lateral qismida spinotalamik trakt sifatida koʻtariladi. Bu trakt butun yoʻl bilan VOLYga koʻtariladi. Uchlamchi neyron aksonlari keyin birlamchi sezuvchi poʻstloqqa ichki kapsulaning orqa limbi orqali boradi.

Oldingi lateral sistemaning ba’zi "ogʻriq tolalari" VOLYga borish yoʻidan ogʻadi. Shunday ogʻishlardan birida, aksonlar oʻrta miyadagi retikulyar formatsiyaga yoʻnaladi. Retikulyar formatsiya keyin koʻplab joylarga, gippokamp (ogʻriq haqida xotirlar hosil qilish uchun), sentromedial yadro (diffuz, nomaxsus ogʻriq hosil qilish uchun) va poʻstloqning turli qismlariga yoʻnaltiradi. Qoʻshimchasiga, ba’zi oldingi lateral sistema aksonlari koʻprikdagi periakveduktal kulrangga boradi va periakveduktal kulrangda hosil boʻlgan aksonlar keyin katta chok yadrosi (lot. nucleus raphes magnus)ga boradi, u pastga ogʻriq signali kelayotgan joyga yoʻnaladi va uni ingibirlaydi. Bu ogʻriq tuygʻusini ma’lum darajada boshqarishga yordam beradi.

Harakatlantiruvchi tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Andoza:Umurtqa pogʻonasi Kortikospinal trakt bosh miya yarimsharlaridan keluvchi yuqori harakatlantiruvchi neyronal signallar va miya ustunining ibtidoiy harakatlantiruvchi yadrolari signallari uchun yoʻl vazifasini bajaradi.

Poʻstloq yuqori harakatlantiruvchi neyronlari 1, 2, 3, 4 va 6 inchi Brodmann sohalaridan chiqadi va miya oyoqlari orqali, ichki kapsulaning orqa limbiga tushadi, koʻprik orqali pastga va uzunchoq miya piramidalariga tushadi vas hu yerda tahminan 90% aksonlar piramida kesishmasida qarama-qarshi tomonga kesishadi. Ular keyin lateral kortikospinal trakt sifatida tushadi. Bu aksonlar orqa miyaning hamma darajalarida ventral shoxlardagi pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi. Qolgan 10% aksonlar oʻz tomonida ventral kortikospinal trakt sifatida tushadi. Bu aksonlar ham ventral shoxlardagi pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi.Ularning koʻpchiligi, shundoqqina sinaps qilishdan oldin orqa miyaning qarama-qarshi tomoniga oʻtadi (oldingi oq kommissura orqali).

Oʻrta miya yadrolari toʻrt harakatlantiruvchi traktlarni oʻz ichiga oladi, yuqori harakatlantiruvchi neyronal aksonlarni orqa miyadagi oastki harakatlantiruvchi neyronlarga oʻtkazadi. Bular rubrospinal trakt, vestibulospinal trakt, tektospinal trakt va retikulospinal trakt. The rubrospinal trakt lateral kortikospinal trakt bilan tushadi va qolgan uchtasi oldingi kortikospinal trakt bilan tushadi.

Pastki harakatlantiruvchi neyronlarning funksiyasi ikki turli guruhga boʻlinishi mumkin: lateral kortikospinal trakt va oldingi kortikal spinal trakt. Lateral trakt orqa lateral pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiluvchi yuqorigi harakatlantiruvchi neyronal aksonlardan tuzilgan. Orqa lateral neyronlar oyoqni boshqarishda ishtirok etadi. Shuning uchun bu orqa lateral neyronlar faqatgina orqa miyaning boʻyin va bel-dumgʻaza kengaymalarida topilgan. Lateral kortikospinal trakt uzunchoq miya piramidasidagi kesishuvdan keyin boshqa kesishmaydi.

Oldingi kortikospinal trakt oldingi ustunda ipsilateral pastga tushadi, undan aksonlar chiqadi va oldingi shoxdagi pastki oldingi medial neyronlar bilan ipsilateral sinaps hosil qiladi yoki oldingi oq kommissuradada kesishib, pastki oldingi medial neyronlar bilan kontralateral sinaps hosil qiladi. Tektospinal, vestibulospinal va retikulospinal oldingi ustundan ipsilateral tushadi, lekin oldingi oq kommissura boʻylab sinaps hosil qilmaydi. Koʻpincha, ular faqat oldingi medial pastki harakatlantiruvchi neyronlar bilan sinaps hosil qiladi. Oldingi medial pastki harakatlantiruvchi neyronlar aksial skeletning yirik, postural muskullarini boshqaradi. Bu pastki harakatlantiruvchi neyronlar, orqa laterallardan farqli ravishda, butun orqa miya boʻylab oldingi shoxda joylashgan.

Spinoserebellar traktlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tanadagi proprioseptiv informatsiya orqa miyadan uchta trakt orqali koʻtariladi. L2 dan oastda, proprioseptiv informatsiya orqa miyadan oldingi spinoserebellar trakt orqali koʻtariladi. Oldingi spinoserebellar trakt nomi bilan ham ma’lum boʻlib, sezuvchi retseptorlar informatsiyani qabul qiladi va orqa miyaga boradi. Bu birlamchi neyronlarning hujayra tanalari orqa ildiz gangliyasida joylashgan. Orqa miyada, aksonlar sinaps hosil qiladi va ikkilamchi neyron aksonlari kesishadi va yuqorigi michaya oyoqchasiga koʻtarilib, yana kesishadi. Bu yerda, informatsiya miyachaning chuqur yadrolariga, choʻqqi yadrosi va aralashgan yadroga, boradi.

L2 dan T1 gacha boʻlgan sohalardan, proprioseptiv informatsiya orqa miyaga kiradi va ipsilateral koʻtarilib, Klark yadrosida sinaps hosil qiladi. Ikkilamchi neyron aksonlari ipsilateral koʻtarilishda davom etadi va miyachaga pastki miyacha oyoqchasi orqali kiradi. Bu trakt orqa spinoserebellar trak nomi bilan ma’lum.

T1 dan yuqoridan, proprioseptiv birlamchi aksonlar orqa miyaga kiradi va qoʻshimcha ponasimon yadrogacha ipsilateral koʻtariladi vas hu yerda sinaps hosil qiladi. Ikkilamchi aksonlar miyachaga pastki miyacha oyoqchalari orqali kiradi va yana miyacha chuqur yadrolarida sinaps hosil qiladi. Bu trakt kuneoserebellar trakt nomi bilan ma’lum.

Harakatlantiruvchi informtsiya miyadan orqa miya pastiga tushuvchi orqa miya traktlari orqali boradi. Tushuvchi traktlar ikkita neyronni oʻz ichiga oladi: yuqorigi harakatlantiruvchi neyron va pastki harakatlantiruvchi neyron.[14] Nerv signali orqa miyadagi pastki harakatlantiruvchi neyron bilan sinaps qilguncha yuqorigi harakatlantiruvchi neyronda yuradi. Keyin, pastki harakatlantiruvchi neyron nerv signalini orqa miya ildizig oʻtkazadi, unda efferent nerv tolalari harakatlantiruvchi signalni nishon muskul tomonga tashiydi. Tushuvchi traktlar oq moddadan tuzilgan. Turli funksiyalarni bajaruvchi bir qancha tushuvchi traktlar mavjud. Kortikospinal traktlar (lateral va oldingi) koordinatsiyalangan oyo-qoʻl harakatiga javobgar.[14]

Klinik ahamiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Diastematomiyeliya tugʻma buzilish boʻlib, orqa miya odatda yuqori bel umurtqalari sohasida boʻlaklangan boʻladi. Ba’zida boʻlaklanish butun orqa miya boʻylab boʻlishi mumkin.

Orqa miya jarohatlari umurtqa pogʻonasining travmasi (choʻzilish, koʻkarish, bosilish, boʻlinish, kesilish va boshqalar) natijasida kelib chiqishi mumkin. Umurtqa suyaklari yoki umurtqalararo disklar sinishi mumkin, natijada suyakning oʻtkir fragmenti orqa miyaga sanchilib qolishi mumkin. Odatda, orqa miya jarohatlari qurbonlari tananing ma’lum qismlarida sezgining yoʻqolishidan azoblanadi. Yengil holatlarda, qurbon faqatgina qoʻl yoki oyoq funksiyasi yoʻqolishidan qiynalishadi. Nisbatan ogʻir jarohatlar paraplegiya, tetraplegiya]] (kvadriplegiya nomi bilan ham ma’lum) yoki butun tana falajligiga sabab boʻlishi mumkin, orqa miya jarohatidan pastki tomonda.

Orqa miyadagi yuqorigi harakatlantiruvchi neyron aksonlari jarohati xarakterli xususiyatli ipsilateral yetishmovchilikka sabab boʻladi. Bular giperrefleksiya, gipertoniya va muskul kuchsizligini oʻz ichiga oladi. Pastki harakatlantiruvchi neyron jarohati oʻzining xarakterli xususiyatli yetishmovchiliklarga sabab boʻladi. Toʻliq yetishmovchilik tomoni oʻrniga, jaroatdan zararlangan miotomga bogʻliq boʻladi. Qoʻshimchasiga, pastki harakatlantiruvchi neyronlar muskullar kuchsizligi, gipotoniya, giporefleksiya va muskul atrofiyasi bilan tavsiflanadi.

Spinal shok va neyrogen shok orqa miya jarohati natijasida yuzaga kelishi mumkin. Spinal shok odatda qisqa, bor-yoʻgʻI 24-48 soat davom etadi va sezuvchi va harakatlantiruvchi funksiyalarning vaqtinchalik yoʻqolishidir. Neyrogen shok haftalab davom etadi va jarohat sohasidan pastdagi muskullar ishlatilmasligi natijasida muskul tonusi yoʻqolishiga olib kelishi mumkin.

Orqa miyaning eng koʻp jarohatlanuvchi ikki sohasi boʻyin umurtqalari (C1-C7) va bel umurtqalari (L1-L5) sohalaridir. (C1, C7, L1, L5 qilib belgilanishi umurtqaning joylashuviga bogʻliq, umurtqa pogʻonasining boʻyin, koʻkrak yoki bel sohalari.). Orqa miya jarohatlari shuningdek notravmatik boʻlishi va kasalliklar (koʻndalang miyelit, poliomiyelit, spina bifida, Fredrix ataksiyasi, orqa miya oʻsmasi, spinal stenoz va boshqalar) oqibatida yuzaga kelishi mumkin.[15]

AQShda har yili 10 000–12 000 odam orqa miyaning turli jarohatlari natijasida falajlanib qoladi. [manba kerak]

Real yoki shubxa qilingan orqa miya jarohatlari, shoshilinch immobilizatsiyani, bosh bilan qoʻshib, talab qiladi. Tibbiy vizualizatsiya jarohatni baholash uxhun zarur. Steroid, metilprednizolon, fizioterapiya va balki antioksidant sifatida ham foyda berishi mumkin. [manba kerak] Davolash jarohatdan keying hujayra oʻlimini cheklash, hujayra regeneratsiyasini ta’minlash va yoʻqotilgan hujayralar oʻrnini toʻldirishga qaratilgan boʻlishi kerak. Regeneratsiya neyron elemenlaridan elektr berilishini saqlash orqali yengillashtiriladi.

Lyumbal punksiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Orqa miya L1-L2 umurtqalari sohasida tugaydi, lekin subaraxnoid boʻshliqmiya suyuqligini saqlovchi qism – S2 ning pastki chetigacha tushadi.[15] Kattalardagi lyumbal punksiya odatda, orqa miyaga jarohat yetkazishdan saqlanish maqsadida L3-L5 oraligʻida (ot dumi sohasi) amalga oshiriladi.[15] Homilada, orqa miya umurtqa pogʻonasining toʻliq uzunligi boʻylab joylashadi va tana oʻsishi bilan regressga uchraydi.

Orqa miya oʻsmalari orqa miyada kuzatiladi va bu qattiq pardadan ichki (intradural) yoki tashqi (ekstradural) boʻlishi mumkin.

Qoʻshimcha rasmlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Foydalanilgan adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Maton, Anthea. Human biology and health, 1st, Englewood Cliffs, N.J.: Prentice Hall, 1993 — 132–144-bet. ISBN 978-0-13-981176-0. 
  2. Guertin, PA (2012). "Central pattern generator for locomotion: anatomical, physiological, and pathophysiological considerations.". Frontiers in Neurology 3: 183. doi:10.3389/fneur.2012.00183. ISSN 1664-2295. PMID 23403923. PMC 3567435. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=3567435. 
  3. Myers, Gary. Exploring Psychology. Worth Publishers, 2009-12-25 — 41-bet. ISBN 978-1429216357. 
  4. Squire, Larry Squire. Fundamental neuroscience, 4th, Amsterdam: Elsevier/Academic Press, 2013 — 628-bet. ISBN 978-0-12-385-870-2. 
  5. „Spinal Cord Gross Anatomy“. Qaraldi: 27-dekabr 2015-yil.
  6. Harrison, Megan; O'Brien, Aine; Adams, Lucy; Cowin, Gary; Ruitenberg, Marc J.; Sengul, Gulgun; Watson, Charles (March 2013). "Vertebral landmarks for the identification of spinal cord segments in the mouse". NeuroImage 68: 22–29. doi:10.1016/j.neuroimage.2012.11.048. ISSN 1053-8119. PMID 23246856. 
  7. Kaufman, Bard „Spinal Cord – Development and Stem Cells“. Life Map Discovery Compendium. 2020-yil 29-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-dec 2015-yil. (Wayback Machine saytida 2020-06-29 sanasida arxivlangan)
  8. Kaufman, Bard „Spinal Cord-Development and Stem Cells“. Stem Cell Development Compendium. 2020-yil 29-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2-dec 2015-yil. (Wayback Machine saytida 2020-06-29 sanasida arxivlangan)
  9. Than-Trong, Emmanuel; Bally-Cuif, Laure (2015-08-01). "Radial glia and neural progenitors in the adult zebrafish central nervous system". Glia 63 (8): 1406–1428. doi:10.1002/glia.22856. ISSN 1098-1136. PMID 25976648. 
  10. Saladin. Anatomy & Physiology The Unity of Form and Function. Mc Graw Hill. 
  11. Cowan, WM (2001). "Viktor Hamburger and Rita Levi-Montalcini: the path to the discovery of nerve growth factor.". Annual Review of Neuroscience 24: 551–600. doi:10.1146/annurev.neuro.24.1.551. PMID 11283321. https://semanticscholar.org/paper/2c96e7e2b57ad0e78c003dc4458a49c4a08fcd6a. 
  12. 12,0 12,1 12,2 Moore, Keith; Anne Agur. Essential Clinical Anatomy, Third Edition. Lippincott Williams & Wilkins, 2007 — 298-bet. ISBN 978-0-7817-6274-8. 
  13. Biglioli, Paolo (April 2004). "Upper and lower spinal cord blood supply: the continuity of the anterior spinal artery and the relevance of the lumbar arteries". Journal of Thoracic and Cardiovascular Surgery 127 (4): 1188–1192. doi:10.1016/j.jtcvs.2003.11.038. PMID 15052221. https://air.unimi.it/bitstream/2434/143447/2/2004%20JTCVS%20midollo.pdf. 
  14. 14,0 14,1 Saladin. Anatomy and Physiology, 5th Ed.
  15. 15,0 15,1 15,2 Le, Tao. First Aid for the USMLE Step 1 2014 / Edition 24. McGraw-Hill Professional Publishing, 10-yanvar 2014-yil. ISBN 9780071831420.