Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Konsert

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Konsert

Konsert (lotincha: „concerto“ — musobaqalashaman) — 1) oldindan eʼlon qilingan dastur asosida sanʼatkorlarning maxsus joy (zal, sahna)da chiqishi; musiqa, adabiy, estrada asarlarini ommaviy ijro etish. Konsert dastlab mumtoz (simfonik, kamer, yakkaxon vokal hamda yakkanavoz cholgʻu va boshqalar) musiqa asarlarini ijro etilishi hamda tinglanishi uchun tashqil etilgan jamoa tadbiri sifatida namoyon boʻlgan. Birinchi konsertlar 1672–1978-yillarda Londonda skripkachi J.Banister tomonidan uyushtirilgan. XIX asrda esa konsertlarni turli musiqa jamiyatlari, filarmoniyapar tomonidan tashqil etilishi rivoj topgan. Hozirda konsert atamasi badiiy mazmuniga hamda namoyon boʻlish joyiga qarab — adabiy, raqs, kino, estrada konsertlari, radio—konserti va boshqamaʼnolarda talqin etiladi. Oʻzbekistonda konsertlarni "Oʻzbeknavo", "Oʻzbekraqs", "Oʻzbekteatr" davlat birlashmalari, Oʻzteleradiokompaniyasi, Madaniyat ishlari vazirligi va boshqa uyushtiradi;

2) Yevropa mumtoz cholgʻu musiqasi janri, bir yoki bir necha yakkanavoz sozlar va orkestr uchun yozilgan musiqa asari. XVII asr oxiri — XVIII asr birinchi yarmida Yevropa sanʼatida vujudga kelgan (A.Vivaldining skripka va orkestr uchun konsertlari). Yakkanavoz cholgʻu bilan orkestr (yoki cholgʻu guruhlari) oʻrtasida ijodiy musobaqa, munozara konsertning oʻziga xos xususiyatidir. Vena klassik maktabi vakillari ijodida konsertning sonata -simfonik turkumidan iborat yuksak namunalari yuzaga kelgan. L. Betxoven konsertning simfoniyalashuvini boshlab berdi. F.List bir qismli konsert shaklini ijod qildi. Konsert janri, ayniqsa, XIX asr (N.Paganini, F.Shopen, R.Shuman, I.Brams, K.Sen-Sans, P.Chaykovskiy va boshqalar) va XX asrlar (B.Bartok, S.Prokofyev, M.Ravel, S.Raxmaninov, Ya.Sibelius, I.Stravinskiy, P.Xindemit, D.Shostakovich, A.Xachaturyan, Q.Qorayev, A.Shnitke va boshqalar) da keng rivoj topdi. Oʻzbekistonda konsertning ilk namunalari 1940-yillarda paydo boʻldi (G.Mushelning fortepiano konsertlari). Keyinchalik Ik.Akbarov, B.Giyenko, F.YanovYanovskiy, S.Jalil, R.Abdullayev, N.Gʻiyosov, A.Ergashev va boshqalarning ayrim sozlar, turli orkestrlar uchun yaratilgan konsertlari diqqatga sazovor. I.Hamroyev, M.Bafoyev, P.Xoliqov, A.Otajonov va boshqa oʻzbek xalq cholgʻulari uchun konsertlar yaratishgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil