Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Rep

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Rapdan yoʻnaltirildi)

Rep janri yarim asrlik tarixi davomida birmuncha oʻzgacha yoʻllardan oʻtib kelmoqda. Musiqaning bu turida asosiy eʼtibor soʻzlar(lyrics), ritm va ularga yoʻnalish belgilovchi oqim(flow)ga qaratiladi. Shuningdek, DJ’lik asnosida zarbdor ohang(beat)ni yoʻnaltirish, erkin mavzuda soʻzlarni qisqa muddatda ohangga mos yoʻnaltirish – freestyle, ikki repperning sahnada bir-biri bilan freestyle orqali kuch sinasishi – battlelar va shuningdek, hech qanday ohang va ritmlarsiz faqatgina soʻzlar orqali rep aytish – a cappellaʼlar repning asosiy elementlaridan boʻlib, bu hususiyatlar bilan boshqa musiqa janrlaridan ajralib turadi. Rep, odatda, yangi ritm va ohanglarni yaratmaydi aksincha ularni jazz, rock va punk janrlaridan oʻzlashtiradi va qayta ishlaydi. Baʼzi repperlar bir necha janrlarni aralashtirib oʻz yoʻnalishini yaratishadi.


1. Ibtido

Rep 1970-yillar Nyu-Yorkda, afro-amerikaliklar tomonidan yaratilgan. Nyu-Yorkning Janubiy Bronks qismidagi DJ’lar Koop Herch va Gransmaster Flashlarning ritmlarida ilk rep alomatlari paydo boʻlgan va shu yillarda repning birinchi shakllariga tamal toshi qoʻyilgan. Rep avvaldan qora tanlilar uchun hayotdagi adolatsizliklar, irqchilik va politsiya zoʻravonligini aytish uchun sahna vazifasini oʻtagan va bu keyingi davrlarda yanada kengaygan.

2. Yuksalish

80-yillar ikkinchi yarmiga kelib rep dovrugʻ qozona boshladi. Endi uning shukuhi klublar va mahalliy battllarga sigʻmay qoldi va Amerika boʻylab yoyildi. Shu yillarda, Run-D. M.C, Furious Five, N. W.A. kabi guruhlar tashkil topdi va oʻz fan bazasiga ega boʻla boshladi.

3. Repning Oltin Davri

1980-yillar oxiri va 1990-yillar haqli ravishda „Repning Oltin Erasi“ maqomini olgan. Kaliforniyaning Kompton shahri guruhi – N. W.A ning 1988-yilgi „Straight Outta Compton“ albomi AQSH boʻylab shuhrat qozondi va Gʻarbiy Qirgʻoq yoʻnalishini belgilab berdi – gangsta. Gangsta janri, asosan, ovoz toni va ritmga urgʻu beradi va gangsterlar hayotini ritmga solib, rep aytadi. Bu janrda Tupac Shakur (2Pac nomi bilan tanilgan), Snoop Dogg, Dr. Dre, Eazy-E, Ice Cubeʼlar samarali ijod qilishgan.

Repning vatani Sharqiy Qirgʻoq esa LL Cool J, The N. O.T. O.R. I.U.S BIG (Biggie sifatida tanilgan), Nas, Wu-Tang Clan, DMX va Jay-Z kabi repperlarni yetishtirdi. Ular eʼtiborni punk janri ritmlariga, getto hayotini soʻzlarda ritmga solishga qaratish yoʻlidan ketishdi va katta fan bazasiga ega boʻlishdi.

4. Sharq-Gʻarb Urushi

1991-yilda, Suge Knight Los-Angelesda „Death Row Records“ prodyuserlik kompaniyasini tuzadi. Asta-sekin, choʻkayotgan N. W.A dan ajralib chiqqan Dr. Dre va u kashf etgan Snoop Dogg bu jamoaga qoʻshilishdi. Nyu-Yorkda esa 1993-yilda Puff Daddy boshchiligida „Bad Boy Records“ markazlashgan studiyasi tuziladi. Kelasi yili studiyaning ilk ishi – mahalliy repper Biggiening „Ready to Die“ albomini chiqariladi. Ilk oylaridanoq katta shuhrat va millionlab muxlislarga ega boʻlgan albom barcha davrlarning eng yaxshi albomlari qatorida haligacha eʼtirof etiladi. Huddi shu yilda asli Nyu-Yorkda tugʻilgan, lekin Kaliforniyada yashab, ish yuritgan Tupac Shakur „Death Row Records“ bilan shartnoma imzolaydi. Oʻsha yilda uning „Thug Life“ albomi ham yaxshigina muvaffaqqiyat qozonadi. Yil oxirlarida 2pac’ga qarshi Nyu-Yorkda jinsiy zoʻravonlik va noqonuniy qurol saqlash vajida jinoiy ish ochishadi. U 30-noyabrda Manxettenga soliqlarini yopishga kelganida „Bad Boy Records“ aʼzolaridan iborat Junior M. A.F. I.A guruhi bilan uchrashadi. Uchrashuvdan ikki daqiqadan keyin esa mashinasida unga 5 marta oʻz uziladi. Mana shu hodisa ortidan Sharq-Gʻarb urushi avj olgan edi.

1995-yil fevralida Biggie „Who Shot Ya?“ singlini chiqaradi. Trek 2Pacga oʻq uzilishidan avval yozib olingan deb qayta-qayta aytib kelinganiga qaramay, koʻpchilik muxlislar buni 2Pacga yoʻnaltirilgan deb ishonishadi. Bu yilda yana bir qancha janjal-toʻpolonlar, otishmalar boʻladi va bular hatto katta sahnalarda ham roʻy beradi. Junior M. A.F. I.A 2Pac’siz ojizlanib qolgan Gʻarbga bir qancha diss treklar chiqaradi. Ammo tuzalib chiqganidan keyin bu jangda Axill rolini 2Pac oladi. U Sharqiy Qirgʻoqdagi har bir repperga ketma-ket diss treklar chiqaradi. Birinma-ketin unga oʻq uzilganiga javoban barchaga „qasos oʻqlari“ni oʻtadi. Biggieʼning rafiqasini treklarida bir necha bor haqorat qiladi. Ular orasida eng mashxuri boʻlgan va barcha davrlarning eng yaxshi diss treki deb tan olingan „Hit 'em Up“ singlini u toʻgʻridan-toʻgʻri Biggie, Puff Daddy, Junior M. A.F. I.A aʼzolari, „Bad Boy Records“ va butun Sharqiy Qirgʻoqqa yoʻnaltiradi:


Who shot me? But ya punks didnʼt finish now you 'bout to feel the wrath of a menace nigga, I hit 'em up!


Afsuski, bu urush rep tarixidagi eng katta yoʻqotishlarga sabab boʻldi. 1996-yil, 7-sentabr, Las Vegasda 2Pac mashinada ketayotganda unga yana oʻq uziladi. Koʻpchilik tomonidan barcha davrlarning eng yaxshi repperi deb tan olingan – Tupac Amaru Shakur olti kundan soʻng shifoxonada vafot etadi. Bu mudxish voqeadan soʻng, 1997-yil fevral oyida Snoop Dogg murojaat bilan chiqadi va urushni tugatishni soʻraydi. Lekin chiqishdan bir oy oʻtar-oʻtmas Biggie Los-Angelesda mashinasida ketayotganida otib ketiladi. Bu qasos edi, har ikki taraf yetakchilari urushda qurbon boʻlishadi shu bilan barchasi tugaydi. AQSH politsiyasi ikki repperning qotillarini uzoq vaqt qidirdi, bir necha gumonlanuvchilarni soʻroq qildi lekin mana chorak asrdan beri bu jumboqligicha qolmoqda.

5. Tijoriy muvaffaqiyat

90-yillar ikkinchi yarmida Dr. Dre oʻz studiyasi „Aftermath Entertainment“ni tashkil qiladi. Aynan bu studiya keyinchalik Eminem, Kendrick Lamar, 50 Cent va Mary J. Blige kabi nomlarni dunyoga taqdim etadi. 1999-yil Eminemning „The Slim Shady LP“ albomi AQSHda 4 karra Platinum sotiladi va oq tanli artistning ham repda muvaffaqqiyat qozonishi mumkinligini isbotlaydi. Huddi oʻsha yilda, Dr. Dre „2001“ albomi – rep tarixidagi eng yaxshi albomlardan birini taqdim etiladi. Shu yillardan tijorat va biznes repda birinchi darajaga koʻtarila boshlaydi. Ketma-ket yillarda Eminemning „The Marshall Mathers LP“, „The Eminem Show“, Jay-Z ning „ The Blueprint“ va 50 Centning debyut „Get Rich or Die Trying“ albomlari dunyo chartlarida birinchilikni bermay kelishadi. Bu davrda sahnaga Kanye West, J. Cole, OutCast va Lil' Wayne kabi yangi nomlar repga yangicha janrlarda kirib kelishi va Eminemning Rihanna, Jay-Z ning Beyoncé bilan hamkorligi taʼsirida rep janri pop, R&B, soul, alternativ, funk kabi musiqa janrlari bilan adaptatsiyaga uchraydi. Endi repperlarning faqatgina ikki shtatdan emas, butun Amerikadan nomlari chiqa boshlaydi. Detroitdan Eminem, Janubdan Lil' Wayne va Oʻrta Shtatlardan Kanye West kabi artistlar repda dominantlik qilishadi. 90-yillarda kamdan-kam qoʻlga kiritilgan GRAMMY, MTV mukofotlarini bu davr repperlari oʻnlab-oʻnlab olishadi. Eminemning hayotiga asoslangan „8 Mile“ va N. W.A guruhining faoliyati haqida olingan „Straight Outta Compton“ filmlari repperlar hayotining koʻzga koʻrinmas taraflarini tasvirlaydi. Eminem tomonidan kuylangan, „8 Mile“ filmining bosh saundtreki „Lose Yourself“ Oskar yutgan ilk rep qoʻshiq sifatida tarixga muxrlanadi.

6. Trap Dominantligi va Globallashuv

2010-yillarda YouTube, SoundCloud, Spotify, Apple Music tarmoqlari rivojlangani sari, rep ham ularga moslasha boshladi. Avvalgi gangsta, punk yoki R&B replar oʻrnini trap musiqaga boʻshatib berishdi. Travis Scott, Migos, Future kabi repperlar trap musiqaning yetakchilariga aylanib bu janrni ommalashtirishdi. Drake va Kanye West kabi repperlar avvalgi ochiq, tajovuzkor repdan qochib nisbatan popga yaqin janrda oʻzlarini topishgan boʻlsa, Dr. Dre kashf etgan Kendrick Lamar „storytelling“ ga asosiy urgʻu qaratuvchi oʻz uslubini yaratdi. Lil' Wayne esa mumble rep ni ommalashtirdi va tom maʼnoda bu janrning „ota“siga aylandi. Yosh – XXXTENTACION va Juice WRLD lar repda oʻz uslublarida qisqa vaqt ijod qilishdi. Billboard 200, Spotify xalqaro chartlarida singl va albomlari birinchi oʻrinlardan tushmay yurdi. Dunyo boʻylab bir necha yuz millionlab yoshlarning kumiriga aylanishdi. Ammo ikkalasi ham birin-ketin X 2018-yilda, Juice esa 2019-yilda vafot etdi. Ular yigirmaga toʻlmay yuqori darajada ijod qilganliklari eʼtiborlidir.

Umuman olganda repning globallashuvi davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, filmlar uchun treklar chiqarilmoqda, bu asnosida yangidan-yangi, noanʼaviy uslublar dunyoga kelmoqda.


Rep va Jamiyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rep avvaliga qora tanlilarning jamiyatdagi adolatsizliklar, kambagʻallik va kamsitilishlarni aytish uchun yaratilgan maydon boʻlsa-da, har qanchaga oʻzgarishlarga qaramay unda haligacha bunday mavzular tilga olinmoqda. Rep hamon insonlarni yaxshilikka undamoqda, adolatsizliklarga barham berishga chaqirmoqda. Repperlar ayollar huquqi, bolalik travmalari, getto hayoti, irqchilik va zoʻravonlik mavzularida aytgan treklarining koʻp qismini oʻzlarining hayotidan olishadi. Ular oʻz tajribalaridan kelib chiqib, soʻzlari bilan tinglovchilarga dalda bera olishadi. 2Pac, Eminem, Akonʼlar aytgan muammolarni hozirda Kendrick Lamar, Drake, J. Cole kabi repperlar oʻz uslublarida olib chiqishyapti. Rep musiqa olamida qisqa fursatdayoq katta tarix yarata oldi va yana rivojlanishda davom etadi.


Rap soʻzining maʼnosi zarbadir