Nothing Special   »   [go: up one dir, main page]

Kontent qismiga oʻtish

Endokrinologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Endokrinologiya (endo... va yunoncha kppet — ajratish va...logiya) — klinik tibbiyotning bir sohasi. Ichki sekretsiya bezlarining tuzilishi, rivojlanishi va funksiyalarini, ular ishlab chiqaradigan gormonlar hamda ularga aloqador kasalliklarni oʻrganadi.

Endokrinologiya fan sifatida IXX asrning 2-yarmidan shakllandi. Nemis fiziologi A.Bertold xoʻrozlarning urugʻdonini olib bichilgan yoki yosh xoʻrozlarga oʻtkazgan, bunda urugʻdon oʻtkazilgan xoʻrozda turli fiziologik va morfologik oʻzgarishlar yuz bergan. Bu endokrinologiya sohasidagi ilk tajriba edi (1849).

Dastlab ichki sekretsiya bezlari degan tushuncha nemis fiziologi va tabiat tadqiqotchisi D.Myuller tomonidan ilgari surildi (1830), lekin uni termin sifatida fanga fransuz fiziologi K. Bernar kiritdi (1855). Shu davrlarda irlandiyalik R. Greyvs (1835) va nemis olimi K. Bazedov (1840) diffuz toksik buqoqni, ingliz vrachi T.Adisson (1855) surunkali buyrak usti bezi yetishmovchiligi klinikasini izohlashdi. Shvetsariyalik xirurg Teodor Koxer (1841 — 1917) diffuz toksik buqoqni davolashda xirurgik usulni ishlab chiqdi. 1889— 90 yillarda nemis olimlari D.Mering va O.Minkovskiy tajribada qandli diabet meʼda osti bezi faoliyatining buzilishi, rus olimi L.V.Sobolev (1901) meʼda osti bezining ichki sekretsiya faoliyati pankreatik orolchalar (Langergans orolchalari) bilan bogʻliq ekanligini aniqlashdi. Bu keyinchalik kanadalik tadqiqotchilar F.Banting va Ch.Bestni meʼda osti bezidan insulin gormonini ajratib olishiga ilmiy asos boʻldi (1921). XX-asrning boshlariga kelib, endokrinologiya fan sifatida rivojlandi. Koʻpgina gormonlar: adrenalin (1901), tiroksin (1915), progesteron, testosteron (1934), kortikosteroidlar (1937—52), triyodtironin (1950), oksitotsin va vazopressin (1953) toza holda ajratib olindi; gormonlarning kimyoviy tuzilishini aniqlash, ularni sintez qilishga, keyinchalik esa ularning har xil tabiiy gormonlardan bir necha bor yuqori biologik faol analoglarini ishlab chiqishga asos boʻldi. Oʻzbekistonda bu fanning rivojlanishi aholi oʻrtasida keng tarqalgan buqoq kasalligini tekshirish, uning kelib chiqishida yod yetishmasligini aniqlashdan boshlandi. 30-yillardan boshlab Oʻzbekistonning har bir viloyatida endemik buqoq kasalligi turli guruh va ekspeditsiyalar yordamida oʻrganildi (S.A.Maʼsumov, P.I.Fedorova, Yo. X. Toʻraqulov, Sh.Sh.Ilyosov, V.N.Fedoseyev, T.M.Muhamedov va boshqalar). Bu kasallikning oldini olish uchun 1954-yil Toshkentda buqoqqa qarshi dispanser tashkil qilinib, unda qalqonsimon bez kasalliklari ustida olib borilgan epidemiologik va profilaktik ishlar asosida aholini kaliy yodid tuzi qoʻshilgan osh tuzi bilan taʼminlash zarurligi aniqlandi.

Endemik buqoqni tugatish va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklarini oʻrganish, davolash oʻlkamiz uchun muhim ilmii va ijtimoii muammo boʻlganligi 1957-yil Oʻzbekiston FAtarkibida tashkil etilgan Oʻlka tibbiyoti ilmiy tekshirish institutining asosiy yoʻnalishini belgiladi. Oʻlka tibbiyoti ilmiy tekshirish instituti negizida 1989-yil Endokrinologiya instituti tashkil etildi. R.Q.Islombekov, Yo.X.Toʻraqulov dunyoda birinchi boʻlib buqoq kasalligini aniqlash va davolashning yangi usulini ishlab chiqib, nufuzli mukofotga sazovor boʻlishdi (1964). Qalqonsimon bezning normal, tireoid patologiyada hamda radioyodterapiyada olingan biokimyoviy, patofiziologik va klinik morfologik koʻrsatkichlari natijalari ijobiy samara berdi.

Respublikada 1998-yil yod yetishmovchiligi holatlari boʻyicha keng miqyosda epidemiologik izlanishlar olib borildi va uning oʻrtacha tarqalish darajasi aniqlandi. Ichki sekretsiya bezlarini (qalqonsimon bez, qalqonsimon bez oldi bezlari va buyrak usti bezi) suyuq azotda kriokonservatsiya qilish va uning yetishmovchiligi bor bemorlarni transplantatsiya yoʻli bilan davolash usuli ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. Oʻrta Osiyo davlatlarida birinchi bor kriokonservatsiya qilingan toʻqimalar banki (1000 ga yaqin toʻqimalarni saqlaydigan) tashkil etildi. Qalqonsimon bez rakini biokimyoviy, genetik va morfologik tekshirishning yangi usullari joriy qilinib, jarrohlik, radiologik va konservativ terapiya usullarini qoʻllash algoritmi ishlab chiqildi (professor S.I.Ismoilov). Diffuz toksik buqoq va oʻrtacha oʻtkir tireoiditda bemorlarning immunologik tizimi oʻrganildi va bu koʻrsatkichlar davolashning turli usullarida oʻzgarishi va dinamikasi aniqlandi. Qandli diabet va uning asoratlarining epidemiologiyasi, etiopatogenezi asosida nasliy omillarning ahamiyati, kasallikning tarqalishiga moyillik tugʻdiradigan ichki va tashqi omillar har tomonlama tadqiq etilib, ularni chegaralash, bemorlarni oʻz holatini nazorat qilishga oʻrgatish usullari ishlab chiqildi (professor Z.S.Akbarov).

Zamonaviy endokrinologiyaning dolzarb muammolari va asosiy yoʻnalishlari qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, jinsiy bezlar faoliyatining buzilishi, gipotalamogipofizar tizim kasalliklari, birlamchi giperparatireoz muammosi, organizmda gormonlarning taʼsir mexanizmi, biosintezi va ularning almashinuvini oʻrganish, gormonlar analoglari va yangi gormonal preparatlarni ishlab chiqish va hokazodan iborat. Jismoniy rivojlanishning kechikishi bolalar endokrinologiyasining eng muhim muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda tugʻma anomaliyalar skriningi boʻyicha maxsus dastur yoʻlga qoʻyilgan. Neyroendokrinologiya endokrinologiyaning mustaqil boʻlimi sifatila shakllanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi dagi barcha tibbiyot intlari, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida endokrinologiya kafedralari bor.

  • Toʻraqulov Yo.X., Islombekov R. Q., Qodiro v I. K., Buqoqvauni davolash, T, 1962; Islombekov R.Q., Radioaktivnmy yod i funksiya shitovidnoy jelezn, T, 1971.