SSSR Davlat xavfsizlik qoʻmitasi
Qisqartma | DXO |
---|---|
Shiori | «Верность Партии — Верность Родине» |
Ishga tushgan sanasi | 1954-yil 13-mart |
Tugatilgan | 1991-yil 3-dekabr |
Joylashuvi | Moskva Lyubyansk maydoni 2-uy |
Hududiy xizmati | SSSR |
Davlat xavfsizlik organlari — muayyan davlat va ijtimoiy tuzumni tashqi va ichki tahdidlardan saqlashga, mamlakat ichki ishlariga tashqaridan boʻladigan aralashuvlarni bartaraf etish, turli xavf-xatarni oldini olishga daʼvat etilgan idoralar. Ular zimmasiga davlatning barcha fuqarolariga oʻzini namoyon qilish uchun hamma sharoitlarni taʼminlash, ularning hayotini, erkinligi va mulkini himoya qilish vazifalari yuklatiladi. Har bir davlatda oʻziga xos Davlat xavfsizlik organlari tashkil qilinadi. Sobiq shoʻrolar davrida (1917—91) Butun Rossiya favqulodda komissiyasi (VCHK), Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU), Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU), ittifoqrespublika davlat xavfsizlik komiteti kabilar tuzilgan edi. Bu organlar razvedka, kontrrazvedka, inqilobiy sabotajga qarshi kurashishdan tashqari ommaviy qatagʻon siyosatini amalga oshirdi, "xalq dushmanlari"ga qarshi siyosiy jarayonlar tashkil etdi, "aksilinqilobiy jinoyat" boʻyicha tergov oʻtkazib, soxta sud jarayonlari olib bordi, oʻzgacha fikrlovchilarni taʼqib etdi.
Hoz. davrda koʻpchilik davlatlar uchun xalqaro terrorizm, ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishi, xalqaro narkobiznes, xalqaro uyushgan jinoyatchilik, diniy radikal ekstremizm, etnik guruhlar va konfessiyalar oʻrtasidagi mojarolar, atrof-muhitning ifloslanishi kabilar xavfsizlikka tahdid manbai boʻlib qoldi. 21-asrga kelib bu tahdidlar bir yoʻla bir necha davlatlarga taʼsir eta boshladi. Shuning uchun har bir davlatning xavfsizligini taʼminlash xalqaro xavfsizlikni taʼminlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz mustaqilligiga erishgach, oʻzining davlat xavfsizligini taʼminlash uchun respublikaga nisbatan mavjud xavf-xatar va tahdidlarni aniqlab oldi. Mamlakat, shaxs, jamiyatning milliy manfaatlari belgilandi va ularni himoya qilish mexanizmi yaratildi. Xavfsizlikni taʼminlashning siyosiy, metodologik asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning "Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari" asarida (1997) bayon etilgan. Davlat xavfsizligini taʼminlashga, ichki va tashqi tahdidlarni oldini olishga qaratilgan choratadbirlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beruvchi "Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizlik konsepsiyasi" (1997) qabul qilindi. Ushbu konsepsiya asosida shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini taʼminlashning tashkiliy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy asoslarini bosqichma-bosqich shakllantirishga kirishildi. Xavfsizlikni taʼminlashning tashkiliy jihatlariga davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat kiradi. Bu faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi olib boradi. Xavfsizlikni taʼminlashning asosiy garanti sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyat yuritadi. Shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini taʼminlashning yagona strategiyasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Milliy xavfsizlik kengashi tashkil qilingan. Xavfsizlikni taʼminlashning huquqiy jihatlari avvalo Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, shuningdek, mudofaa haqidagi doktrinada va yuqoridagi tashkilot faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi qonun hujjatlarida aks etgan. Oʻzbekistonda shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini taʼminlashning iqtisodiy asoslari ham yaratilib, bosqichma-bosqich rivojlantirib borilmoqda. Bu bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish, ilgʻor texnologiyalar asosida iqtisodiy oʻsishni taʼminlashdan iborat. Xavfsizlikni taʼminlashning ijtimoiy jihatlari mamlakatda barqarorlikni taʼminlash, ijtimoiy adolatni amalga oshirish, mulkdorlar sinfini shakllantirishda koʻrinadi. Xavfsizlikni taʼminlashning maʼnaviy asoslari milliy gʻoya va milliy mafkurani shakllantirish hamda amalga oshirishdan iborat. Oʻzbekiston shaxs, jamiyat, davlat xavfsizligini taʼminlashning geopolitik jihatlarini ham belgilab olgan. Bular, avvalo, xalqaro munosabatlarning toʻla huqukli subʼyekti sifatida davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar daxlsizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan boshqa qoida va meʼyorlariga asoslanadi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |